O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Joriy yil yanvar oyining oxirigacha Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keladi

2021-01-17 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

ITSV ma’lum qilishicha, muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri O‘zbekistonda davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va tarkibiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi. “Pragmatik Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida xalqaro hamjamiyat tomonidan bir ovozdan e’tirof etilayotgan O‘zbekistondagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlarning yorqin natijalaridan ilhomlanamiz”, - dedi Xolid Al-Falih suhbat chog‘ida.

Saudiya kompaniyalarining O‘zbekiston energetika sohasidagi tajribasi ijobiy baholandi - o‘tgan yilning 5 martida «ACWA Power» kompaniyasi rahbariyati bilan O‘zbekiston Respublikasining Sirdaryo viloyatida qiymati 1,2 mlrd dollarga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. ««ACWA Power» kompaniyasi loyihasi hamkorligimizning muvaffaqiyatli namunasi hisoblanadi. Shu bilan birga, biz faqat energetika sohasidagi loyihalar bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Biz turli sohalardagi sherikligimizni sezilarli darajada oshirishi mumkin bo‘lgan ikki tomonlama tadbirlardan aniq natijalarni kutmoqdamiz», - ta’kidladi Xolid Al-Falih.

Saudiya tomoni ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va ishbilarmon sheriklikni o‘rnatishga qiziqish bildirdi. Shu munosabat bilan Saudiya Arabistoni investitsiya vazirining shu oyning oxirigacha Saudiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi boshchiligida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.

Tashrif doirasida bir qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, investiyaviy hamkorlik qilishning mavjud imkoniyatlari va birgalikda amalga oshirish uchun aniq loyihalar taqdim etiladigan O‘zbekiston-Saudiya biznes-forumini, har ikki mamlakat savdo-sanoat palatalarini jalb qilgan holda O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishini, shuningdek, eng istiqbolli va o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalari bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish uchun «G2G», «G2B» va «B2B» shakllarida uchrashuvlarni o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi uchun tamal toshi qo‘yish marosimini o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasida 1,4 mlrd dollarlik shamol elektr stansiyasi qurish uchun «ACWA Power» bilan investitsiya bitimini imzolash, shuningdek, Shirin shahrida energetika kollejining ochilishi rejalashtirilgan.

Muzokaralar davomida tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya uchun qulay sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi Investitsiyalar vazirligi o‘rtasida yaqin hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

Shuningdek, videokonferensiya yakunida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikning qishloq xo‘jaligi, turizm, transport sektori va boshqa sohalar kabi yangi istiqbolli yo‘nalishlarini o‘rganishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, hamda aniq loyihalarni ishlab chiqish uchun birgalikda tizimli ish olib borishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться