Qishloq xo‘jaligi vaziri: AKIS markazlari eng chekka hududlargacha yuzdan ortiq xizmatlarni ko‘rsatadi
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari hamda mutasaddi vakillar ishtirokida o‘tkazgan seminarda qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilish asosida xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirish hamda sohada bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS)ni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni tahlil qildi.
Seminar Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi «Bog‘bon» agrokompleksida tashkil etilib, “In vitro” laboratoriyasi misolida agroxizmatlar faoliyati o‘rganildi.
Uchrashuv davomida 2021-yilda sohada amalga oshiriladigan loyihalar ishiga to‘xtalib, aniq vazifalar belgilab olindi. Jumladan, qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar tizimini rivojlantirish, tizimning 3 ta asosiy yo‘nalishidagi muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.
- “Joriy yilda oldimizga qo‘ygan eng muhim vazifa har bir yerdan foydalanuvchi uchun “yagona darcha” tamoyili asosida yuzdan ortiq xizmatlarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan, deya ta'kidladi vazir J.Xodjaev. Ilm-fan yutuqlari asosida milliy agroxizmatlar tarmog‘ini yo‘lga qo‘yib, uni rivojlantiramiz. Xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Yangi markazlar butun respublikaning eng chekka hududlarigacha sohada faoliyatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Bu borada “raqamli agroxizmatlar” axborot tizimi ishlab chiqiladi. Zamonaviy agroxizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlarini keng joriy etamiz”.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimining 3 ta asosiy yo‘nalishlari - mehnat bozori kon'yunkturasi o‘zgarishiga mos holda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan agrar ta'lim tizimini takomillashtirish, agrosanoat majmuidagi ilmiy muassasalarining ilmiy va innovasion faoliyatini yanada rivojlantirish, agroxizmatlar tarmog‘ini rivojlantirishdan iborat.
Mazkur tizimning joriy etilishi natijasida:
- ilm-fan yutuqlari asosida milliy agroxizmatlar tarmog‘i yo‘lga qo‘yiladi va rivojlantiriladi;
- hududlarda agrosanoat majmuiga kiruvchi davlat, xo‘jalik va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yuzdan ortiq xizmatlari “yagona darcha” tamoyili asosida agroxizmatlar markazlari orqali tashkil etiladi;
- Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida agroxizmatlarni muvofiqlashtiruvchi markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- zamonaviy agroxizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlari keng joriy etiladi;
- agroxizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish maqsadida “raqamli agroxizmatlar” axborot tizimi ishlab chiqiladi;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yanada rivojlantirish maqsadida ”daladan iste'molgacha” tamoyili asosida xalqaro sifat standart va sertifikatlari joriy etiladi;
- agroxizmatlar tarmog‘ini rivojlantirish uchun Xalqaro ekspertlar kengashi (International Expert Board) tashkil etiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi