Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki o‘rtasida mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuv imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki o‘rtasida “Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mikroqarzlar berilishini ta'minlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida” imzolangan memorandumga muvofiq, Bosh kelishuv tuzildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Xusanov, O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki boshqaruv raisi F.Salamov hamda mas'ul xodimlar, OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi yillarda xorijda ishlayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgarib, mehnat migrantlari bilan muloqot o‘rnatilgani, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish, mehnat migrantlarining hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolar qo‘llab-quvvatlanayotgani ta'kidlandi.
Bosh kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta'minlangan oila a'zosi sifatida e'tirof etilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan jismoniy shaxslarga mikroqarzlar berishni tashkillashtirishdan iboratdir.
Mikroqarz bir yil muddatga, 10 million so‘m miqdorida, talab etilgan hujjatlarning minimal talablari asosida (pasport, mehnat migrantining arizasi va doimiy ish joyiga ega bo‘lgan sherik qarzdorning pasporti) uch bank ish kunida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida kam ta'minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiya agentligining “Labormigration.uz” dasturiy majmuasida ro‘yxatga olingan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketayotgan fuqarolarga beriladi.
Mikroqarzning foiz stavkasi tijorat banklari tomonidan mustaqil ravishda bozor tamoyillari asosida belgilanadi hamda mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensasiya qilinadi. Bunda, mikroqarz hamda unga hisoblangan foizlar qarz oluvchining (oila a'zolarining) topshirig‘iga muvofiq, ularning hisobvaraqalariga xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali kelib tushgan mablag‘lardan ushlab qolish yo‘li bilan hamda qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan boshqa usullarda to‘lanishi mumkin.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi