O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yangi markazda tibbiy yordam sifati va qamrovi oshadi

2021-01-15 | Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda o‘zining Oliy Majlisga Murojaatnomasida joriy yilda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan 5 mingdan ortiq bemor ilk bor bepul gemodializ xizmati bilan qamrab olinishi, buning uchun byudjetdan 140 milliard so‘m ajratilishini ta’kidlagan edi.

Davlatimiz rahbari bugun shu yo‘nalishdagi yangi majmua – Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi qurilish ishlari bilan tanishdi.

Yurtimizdagi tabiiy sharoit buyrak kasalliklarini keltirib chiqarish omillaridan biri. Masalan, o‘tgan yili surunkali buyrak kasalligi bilan 118 mingdan ziyod bemor dispanser kuzatuvida bo‘lgan. Ularning 23 ming nafarida surunkali buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan, 5 mingdan ziyodi gemodializga muhtojlik sezgan. Bu kabi muammolar davolashning zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish zaruratini qo‘yayotgan edi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida qurilayotgan tibbiyot markazi shu boradagi ishlardan biridir. Bu joy ilgari Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi edi. Uning eskirgan binosida gemodializ olish uchun o‘rinlar soni ehtiyojdan bir necha baravar kam, aholiga sifatli nefrologiya yordami ko‘rsatish imkoniyati ancha cheklangan edi.

Prezidentimizning 2018-yil 12-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur shifoxona negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi.

Bugungi kunda bu yerda ikkita yangi davolash korpusi barpo etilmoqda. Joriy yilda 3-4-korpuslar foydalanishga topshiriladi. Kelasi yili mavjud binolar ta’mirlanadi.

Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

- Yurtimizda nefrologiya rivojlanmagan. Ayniqsa, hududlarda klinikalar ham, mutaxassislar ham yetishmaydi. Ko‘pchilik bemorlar shifoxonaga kasallikning oxirgi bosqichida kelyapti. Shuning uchun, avvalo, odamlarning bu bo‘yicha bilimi, xabardorligini oshirish kerak. Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda ham shifoxonalar tashkil etib, bu markaz bilan onlayn bog‘lash, tarmoqqa aylantirish, tizimli profilaktika ishlarini yo‘lga qo‘yish zarur, - dedi Prezident.

Hududlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlarni ushbu markazda o‘qitib, malakasini oshirish, davolanish uchun moddiy imkoniyati yo‘q bemorlarni davlat himoyasiga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Besh qavatli davolash korpusi 170 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda transplantatsiya, reabilitatsiya, ekstrakorporal detoksikatsiya, buyrak autoimmun kasalliklari, intensiv nefrologiya kabi bo‘limlar, shuningdek, Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi kafedrasi, poliklinika, dorixona joylashadi. Barcha bo‘limlar yuqori texnologik tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta’minlanadi.

Ikki qavatli yana bir binoda 60 ta kattalar va bolalar gemodializ joylari bo‘ladi. Ahamiyatlisi, markazda birinchi marotaba bolalar gemodializ xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Markazdagi qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va qamrovi oshadi. Ambulator va statsionar tartibda 100 dan ortiq tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, yiliga 60 mingdan ortiq gemodializ muolajalari, shuningdek, buyrak ko‘chirib o‘tkazish va boshqa yuqori texnologik amaliyotlar bajariladi. 

Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining 7 ta kafedrasi shu yerda faoliyat yuritadi. Bu nefrologiya sohasida “ta’lim – amaliyot – ilm-fan” integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi. Ilg‘or xorijiy tibbiyot markazlari bilan birgalikda yangi davolash texnologiyalari va standartlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

Shuningdek, mazkur muassasa boshqa ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, hududlardagi shifoxonalar bilan hamkorlikda aholini muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib boradi.

Kelgusida davlat-xususiy sheriklik asosida markazni tibbiyot klasteriga aylantirib, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться