O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda dastlabki 4 soatda insultni aniqlovchi loyiha ishga tushadi
2021-01-15 | Sog‘liqni saqlash
Insultni dastlabki 4 soatda sunʼiy intellekt yordamida aniqlash usulini O‘zbekistonda joriy etish rejalashtirilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmatiga tayanib.
Shu maqsadda Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Qozog‘istonning «Cerebra.ai Ltd.» kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lib, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish borasida xalqaro hamkorlik rivojiga hissa qo‘shuvchi Memorandum imzolandi.
Xususan, Milliy palata tomonidan qozog‘istonlik hamkorlari bilan birgalikda O‘zbekistonda sunʼiy intellektni joriy etgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ilk loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yaʼni ishemik va gemorragik insultlarni avtomatlashtirilgan holda tashhislash bo‘yicha “Serebra” tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
“Serebra” platformasiga joriy etilgan sunʼiy intellekt davolash muassasalarida o‘rnatilgan kompyuter tomografiyasi bilan integratsiyalashgandan so‘ng insultni dastlabki 4 soat ichida aniqlash imkonini beradi. Buni oddiy kompyuter tomografiyasi natijasini o‘qiyotganda ko‘z bilan ilg‘ash ancha mushkul.
Undan tashqari sunʼiy intellekt insult yadrosi to‘qima zichligidagi o‘zgarishni miyaning boshqa shikastlanmagan to‘qimasi bilan solishtirgan holda hisoblashga qodir. Bu esa, o‘z navbatida, bosh miya kompyuter tomografiyasining vizual maʼlumotlarini tahlil qilishda inson xatosini imkon qadar kamaytirishga olib keladi.
«Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida terapevtik “oyna” davrida bemorga darhol davolash muolajalarini belgilash imkoniyati yuzaga keladi. Bu esa, o‘z navbatida, inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan eng oddiy funksiyalarni, mehnat qilish qobiliyatini yo‘qotish xavfini pasaytiradi, hamda insultni boshidan kechirgan insonni tezda to‘laqonli hayotga qaytarish imkonini beradi», – deb taʼkidladi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi Rovshan Izamov.
Memorandumni imzolash paytida tomonlar yaqin ikki hafta ichida Milliy palata mutaxassislari tomonidan Olma-ota shahrining 7-sonli shahar shifoxonasida noyob “Serebra” tizimining ishlashini tahlil qilishga kelishib oldilar.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi