O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida investitsiya va tashqi savdo faoliyati masalalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi

2021-01-14 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 12-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Vazirlikning 2020-yildagi faoliyati yakunlari tahlili va 2021-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot shaklidagi brifing bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosarlari, Tashqi ishlar vazirligi, tijorat banklari va boshqa idoralar rahbariyati, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
 
Uchrashuv ochiq suhbat tarzida o‘tkazilib, unda ishtirokchilar erishilgan natijalar doirasida keng ko‘lamli dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
 
Xususan, o‘tgan yili investitsiya va tashqi savdo faoliyati sohalarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani ma'lum qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020-yilning yakunlari bo‘yicha asosiy vositalarga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2019-yilning shu davriga nisbatan 101,5%ni yoki 6,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida 197 loyiha amalga oshirildi va shuning hisobiga 38 ming ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, hududiy investitsiya dasturlari doirasida jami 59,1 trln so‘mlik 10 586 loyiha amalga oshirildi va bu 131,5 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishiga imkon berdi.
 
Shuningdek, uchrashuvda tashqi savdo faoliyati ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi – jumladan, 2020-yil yakunlariga ko‘ra, eksport hajmi 15,1 mlrd dollarni tashkil etgani ta'kidlandi. Shu bilan birga, 47 turdagi yangi mahsulotlarni eksportga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi va bir qator mamlakatlarning yangi istiqbolli bozorlariga chiqishga erishildi.
 
Ushbu natijalarga erishishda pandemiyaning respublika va hamkor mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy ta'sirini bartaraf etishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta'kidlandi. Mazkur chora-tadbirlardan biri tadbirkorlar va eksportchilar bilan bevosita ishlash, pandemiyadan munosabati bilan joriy etilgan cheklovlar bilan bog‘liq muammolarni tahlil qilish, shuningdek, har bir tadbirkorlik subyekti bilan alohida ishlashga qaratilgan yondashuv asosida tezkor va samarali yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asosiy vazirliklar, idoralar va davlat organlaridan iborat Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining tashkil etilganidir. Komissiya a'zolarining joylarga chiqqan holda olib borgan ishlari natijasida o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, 98 mingdan ziyod korxona faoliyati manzilli o‘rganilib, 5902 ta korxonaning 6235 ta muammoli masalasi aniqlandi. Ularning har biri tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimliklar va respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan yaqin hamkorlikda hal etildi.
 
Bundan tashqari, Komissiya vazifalariga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish sharoitlarini yaxshilash va investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilarga amaliy va moliyaviy ko‘mak berishga qaratilgan tizimli mexanizmlarni ishlab chiqish ham kiritildi. Ushbu yechimlardan biri zamonaviy moliyalashtirish uslublaridan foydalangan holda eksportni moliyalashtirish mexanizmini joriy etish bo‘ldi. Aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadida eksport qiluvchilarga berilgan kreditlar miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan qismini kafolatlash tartibi ham yo‘lga qo‘yildi.
 
Qolaversa, brifing davomida Vazirlik rahbariyati yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi ustuvor vazifalar, yangi tamoyillar va ish mexanizmlari to‘g‘risida batafsil so‘zlab, amaldagi yil uchun rejalar bilan o‘rtoqlashdi va 2021-yilda investitsiya va tashqi savdo faoliyatida kutilayotgan ko‘rsatkichlar haqida ma'lumot berdi.
 
Shunday qilib, prognozga asosan, xorijiy investisiyalar hajmi 10,5 mlrd dollarni tashkil etadi, shundan 7,6 mlrd dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. O‘z navbatida, 226 ta yirik, yuqori iqtisodiy ahamiyatga ega sanoat loyiha ishga tushiriladi va 34 mingta ish o‘rni tashkil etiladi.
 
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida 94,8 trln so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilishi va 7106 investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida qariyb 162 mingga yangi ish o‘rni yaratiladi.
 
Shu nuqtai nazardan, joriy yilda Respublika, MDH mamlakatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo, Turkiya, Janubiy Koreya hamda Xitoy importining tarkibi o‘rganilishi, shuningdek, tarmoq va hududlarning investitsiya hamda sanoat salohiyatining batafsil tahlili o‘tkazilishi haqida so‘z bordi. Ushbu ko‘rsatkichlarni o‘zaro taqqoslash investitsiya takliflarini ishlab chiqishga yangicha yondashish imkonini beradi va ushbu loyihalarni amalga oshirishning yuqori iqtisodiy samarasini ta'minlaydi.
 
Shuningdek, 2021-yilda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, ipakchilik, elektrotexnika va boshqa sohalarda eksport hajmining sezilarli darajada oshirilishi hisobiga eksportning kutilayotgan miqdori 17 mlrd dollardan ortiq bo‘lishi ta'minlanishi ma'lum qilindi. Shu bilan birga, 2 mingdan ziyod yangi korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish va 120 yangi turdagi tayyor mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilganligi to‘g‘risida ma'lumot berildi.
 
Tadbirda 2021-yilda tadbirkorlar va eksportchilarga amaliy ko‘mak berish bo‘yicha qilinishi rejalashtirilgan ishlarning yangi mexanizmlari haqida so‘z yuritildi. Jumladan, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini kunlik monitoring qilish va ularning tarmoqlar va hududlar kesimidagi joriy holati bo‘yicha haftalik hisobot tizimi yaratilishi muhokama etildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosarlari, tegishli tarmoq idoralari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirilishi uchun shaxsiy javobgarlik belgilangan.
 
Brifing davomida savol-javoblar sessiyasi tashkil etildi va unda ishtirokchilar xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, xalqaro moliya institutlari va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, koviddan keyingi davrda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, shuningdek, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga oid to‘liq ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.
 
Shuningdek, vazirlik tomonidan boshqa idoralar, davlat organlari va tijorat banklari bilan hamkorlikda viloyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirish, shu jumladan, “iqtisodiy o‘sish nuqtalari”ni aniqlash usullari, tuman va shaharlar darajasida mahalliy hokimiyat organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tizimi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, mahallalar raislari bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilish shakli OAV vakillarining e'tiborini o‘ziga jalb etdi.
 
Brifing yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilar bunday tadbirlarni tizimli asosda o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar. Shu bilan birga, ular davlat organlarining ommaviy axborot vositalari bilan doimiy va ochiq muloqoti dolzarb muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni har tomonlama muhokama qilish va istiqbolli yechimlarni ishlab chiqishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilishini ta'kidladi. O‘zaro ishonch ruhida yakunlangan suhbat brifing ishtirokchilarining kelgusida yanada faol hamkorlik qilishga bo‘lgan istaklarini mustahkamladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться