O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Olmatada O‘zbekistonda ziyorat turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
2021-01-13 | Turizm
Kuni kecha mamlakatimizning Olmatadagi Bosh konsulligida Qozog‘istonning yetakchi sayyohlik kompaniyalari va tashkilotlari vakillari ishtirokida «O‘zbekistonda ziyorat turizm» mavzusida taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Taqdimotda «Akbar Travel Asia» (Xorazm viloyati) bosh direktori Islom Ibragimov o‘z kompaniyasi faoliyati haqida maʼlumot taqdim etdi. Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlaridagi dunyoga mashhur Islom olamining qadimiy yodgorliklari va ziyoratgohlariga tashrif buyurish uchun ziyorat turizmini tashkil qilish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilgan chora-tadbirlar xususida batafsil axborot berdi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida turizm sohasini rivojlantirish, xususan, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilish, shuningdek, xoriy sayyohlar O‘zbekistonda Covid-19 yuqtirgan taqdirda ularga tovon puli to‘lashga tartibi tushuntirildi. Turistik obyektlarni standartlarga javob beradigan sertifikatlash tizimini joriy etilayotgani taʼkidlandi.
Tur kompaniyalari rahbarlariga Qozog‘iston fuqarolarini, jumladan jamoatchilik, ishbilarmon doiralar, din vakillari va boshqalarni jalb qilgan holda O‘zbekistonga ziyorat turlarini tashkil etishda faol ishtirok etish taklifi bildirildi.
Uchrashuv ishtirokchilari o‘z chiqishlarida koronavirus pandemiyasiga qaramay, qozog‘istonliklarning O‘zbekiston ziyorat turizmiga bo‘lgan katta qiziqishini qayd etdilar. Shuningdek, narxlarning qimmatligi, Olmaota-Toshkent-Olmaota yo‘nalishida aviachiptalarni bron qilish bilan bog‘liq muammolar ham taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan koronavirus pandemiyasi davrida hukumatlararo darajada ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida kelishuv asosida avtobuslarda O‘zbekistonga sayohatlar tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Unga ko‘ra, quruqlik chegarasi bo‘ylab o‘zbek turoperatorlaridan sayyohlik yo‘llamanlarini sotib olgan turistik guruhlar uchun “yashil” yo‘lak yaratish, davlat chegarasini kesib o‘tish uchun fuqaroning maqomini tasdiqlovchi «turist vaucher» tushunchasini joriy etish kabi takliflari bildirildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi