ShHT kuzatuvchilar Missiyasining Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatish natijalari bo‘yicha Bayonoti
2021-yil 7-yanvardan 10-yanvargacha Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilar Missiyasi (ShHT) Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining (TIV) taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisiga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini kuzatish bo‘yicha o‘zining ellik beshinchi yubiley missiyasi faoliyatini muvaffaqiyatli yakunladi.
Missiyani ShHT Bosh kotibining o‘rinbosari Chjan Xaychjou boshqardi.
Missiya tarkibidan 15 nafar kuzatuvchi xususan, qonunchilik, saylov organlari vakillari, ShHTga a'zo davlatlarning diplomatlari, shuningdek, ShHT Kotibiyati xodimlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a'zosi Suyarjon Kurbankulov o‘rin oldi.
Saylov kuni Missiya a'zolari saylov uchastkalarining ochilishi, stasionar va ko‘chma qutilarning muhrlanishi, ovoz berish va byulletenlarni sanash jarayonlarida qatnashdilar.
Qozog‘iston hududidagi saylov jarayonlari to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish maqsadida Missiya a'zolari Nur-Sulton shahri va Qozog‘istonning boshqa hududlarini kuzatib bordi. Ovoz berish kuniga qadar va saylov kuni Missiya a'zolari 118ta saylov uchastkasini kuzatdi.
Missiya tomonidan ta'kidlanishicha, saylov kampaniyasining barcha jihatlarini tahlil qilish mamlakatda siyosiy raqobat mavjudligi, saylov kampaniyasining ochiqligi va shaffofligini ko‘rsatadi.
Manba: Markaziy saylov komissiyasi