“Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini yaratish loyihasini amalga oshirilishi o‘rganildi
Joriy yilning 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligida hamda tegishli vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlaridan iborat ishchi guruhi Toshkent viloyatining Zangiota tumanida amalga oshirilayotgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini yaratish bo‘yicha loyiha hududiga tashrif buyurdi.
Loyiha respublikada ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari turlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqot o‘tkazish va ishlanmalarni tashkil etish, shuningdek, xalqaro ta'lim standartlariga muvofiq malakali farmatsevtika kadrlarini tayyorlash orqali farmatsevtika sanoatini kompleks rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Loyihani moliyalashtirish Koreya Eksimbankining EDCF jamg‘armasi, O‘RTTJ, Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi imtiyozli mablag‘lari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga ta'minlanmoqda.
Umumiy maydoni 50 gektar bo‘lgan klasterning modulli tuzilishi hududida sanoat, akademik, tadqiqot, klinik va klinikoldi obyektlarining bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Klaster hududida innovatsion dori vositalari, tibbiy qurilmalar va uskunalarni ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi farmatsevtika kompaniyalarining ishlab chiqarish maydonlari, ko‘ptarmoqli tadqiqot universiteti va uning tarkibiy obyektlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, farmatsevtika mahsulotlari ekspertizani o‘tkazish davlat markazi, data-markazi va boshqa zarur bo‘lgan infratuzilma obyektlari joylashgan bo‘ladi.
Tashrif davomida har bir obyekt qurilishining borishi, ularning muhandislik kommunikasiyalariga ulanishi bo‘yicha ishlarning bugungi holati va loyihani amalga oshirishning boshqa amaliy jihatlari o‘rganildi.
Shuningdek, klaster direksiyasi va ishchi guruhi a'zolari bilan birgalikda mavjud muammolar ko‘rib chiqildi va ularni hal etish algoritmlari muhokama qilindi. Turkiya, Hindiston, Chexiya va boshqa mamlakatlar investorlari bilan konstruktiv muloqot o‘tkazildi. Unda klaster hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish haqida to‘xtalib o‘tildi va o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqish imkoni paydo bo‘ldi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish ishlari va muhandislik kommunikasiya tarmoqlariga ulanishni tezlashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ko‘rish topshirildi.
Loyihaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarning qadam-baqadam jadvalini ishlab chiqish va klaster yaratishning har bir bosqichining bajarilishini monitoring qilish, yuzaga kelayotgan masalalarni aniqlash va ularni yaqin idoralararo hamkorlik qilish orqali zudlik bilan hal etish mexanizmini yaratish zarurligi ta'kidlandi.
Shuningdek, klasterning yangi tarkibiy obyektlarini yaratish uchun qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish maqsadida xalqaro va hukumat tashkilotlari hamda xorijiy investorlar bilan muzokaralarni faollashtirishga ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi