O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hindiston Elchisi bilan uchrashuv
2021-01-11 | Siyosat
2021-yilning 8-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Hindiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Manish Prabhat bilan uchrashdi.
Suhbat davomida 2020-yilning dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi oʻrtasidagi virtual Sammitning muvaffaqiyatli oʻtkazilganligi taʼkidlandi hamda Afg‘oniston masalasida ikki tomonlama hamkorlikning ayrim jihatlari muhokama qilindi.
Afgʻonistonda siyosiy tinchlik jarayonini boshlashga koʻmaklashish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, ushbu mamlakatda amalga oshirilayotgan transport-kommunikatsiya loyihalari toʻgʻrisida Hindiston tomoniga maʼlumot berildi.
Hindiston Elchisi Afgʻonistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikni oʻrnatish, uning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash va afgʻonlararo inklyuziv muloqotlarni davom ettirishda Oʻzbekistonning faol ishtirokini alohida qayd etdi.
Tomonlar taʼlim sohasida, xususan, Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi orqali oʻzaro hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi