O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri va FAO bosh direktori 2021-yildagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdi
Toshkent – Rim. 2021-yil 7-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri, noyabr oyida FAOning Yevropa mintaqaviy konferensiyasining raisi etib tayinlangan Jamshid Xodjayev va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuy onlayn rejimida ishchi uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida vazir Xodjayev FAO bosh direktori bilan «Yo‘l xaritasi» da 2021-yilga belgilangan rejalarni muhokama qildi va kelishib oldi. «Yo‘l xaritasi» ning muhim bandlaridan biri - 2021-yilda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon oziq-ovqat sammiti ishida O‘zbekistonning faol ishtirokini, shuningdek sammit hujjatlari va qarorlarini tayyorlashdagi ishtirokini ta'minlashdan iborat.
FAO bosh direktori Syuy Dunyuy FAO O‘zbekistonning oziq-ovqat sammitidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashi va Yevropa mintaqaviy konferensiyasi raisi sifatida vazir Xodjayevning mintaqa davlatlari pozisiyalarini muvofiqlashtirishiga tayanayotganini ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, u Xodjayevning FAO Kengashining 2021-yilga rejalashtirilgan yig‘ilishlari hamda oziq-ovqat va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global konferensiyalar ishiga qo‘shadigan hissasi ahamiyatli va zarur ekanini aytdi. FAO Bosh direktori tashkilot vakillari ishiga alohida e'tibor qaratayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
- Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan va «Qishloq xo‘jaligi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bir guruh davlat va xususiy tashkilotlar xodimlari, olimlar va mutaxassislar, fermerlar va ishchilar orasida FAO vakillarini ko‘rish men uchun katta sharafdir. Dekabrning har ikkinchi yakshanbasini Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida nishonlar ekan, davlat qishloq xo‘jaligi vakillariga va ularning ushbu muhim sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslariga katta e'tibor jalb etmoqda — ta'kidladi Syuy Dun'yuy.
Onlayn uchrashuv davomida FAO va O‘zbekiston o‘rtasida 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakatlararo Hadli bitimning asosiy bandlari muhokama qilindi. Dasturni yanvar' oyi davomida tasdiqlash va imzolash rejalashtirilgan.
- O‘zbekiston FAO bilan bir yil davomida juda samarali hamkorlik qildi, — ta'kidladi Xodjayev. — Biz ko‘plab qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik va, masalan, issiqxona xo‘jaliklari, chigirtkalarga qarshi kurash, sholi yetishtirish, asalarichilik singari yo‘nalishlardagi bir nechta yangi loyihalarni ishga tushirdik. BMTning yangi Barqaror rivojlanish Hadli dasturiga muvofiq hozirgi vaqtda FAO va Qishloq xo‘jaligi vazirligi jamoasi O‘zbekiston uchun 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Hadli dasturni tayyorladilar. Bir necha kun ichida uni imzolashga va amalga oshirishga kirishishga tayyormiz.
Shuningdek, vazir fursatdan foydalangan holda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Xalqaro raqamli kengash yaratilishini O‘zbekiston qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini yana bir bor ta'kidladi.
- FAOning Yevropa mintaqaviy konferensiyasi raisi sifatida qishloq xo‘jaligida, ayniqsa moliyaviy imkoniyatlari katta bo‘lmagan fermerlar uchun zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish va ularni kengaytirish borasida barcha mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta'kidlamoqchiman, - deya qo‘shimcha qildi Xodjayev.
Vazir ta'kidlaganidek, yaqinda bo‘lib o‘tadigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 2021-yilgi Global forum va Qishloq xo‘jaligi vazirlarining 13-Berlin konferensiyasi ushbu yo‘nalishda harakatlarni boshlash uchun yaxshi imkoniyat rolini o‘tashi mumkin. Bundan tashqari, yaqinlashayotgan «Butunjahon oziq-ovqat sammiti 2021»ni ushbu maqsadlarda xizmat qilishga mos yana bir maydon sifatida tilga olish mumkin.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) o‘rtasida FAOning Rimdagi bosh qarorgohida O‘zbekistonning tematik zonasini yaratish to‘g‘risidagi Bitimni imzolash marosimi bilan yakunlandi. Eslatib o‘tamiz, tashkilotning bosh qarorgoxi Rimning markazida, Kolizeyga yaqin joyda joylashgan. Binoda FAOga a'zo bo‘lgan turli mamlakatlar: Fransiya, Hindiston, Kanada, Avstraliya, Pol'sha kabi davlatlarga mos uslubdagi tematik makonlar allaqachon yaratilgan.
Ma'lumot uchun: FAO Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bo‘lib, u asosiy e'tiborni ochlikka qarshi kurash va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratadi. 1945-yilda asos solingan FAOga 194 davlat a'zo. O‘zbekiston unga 2001-yilda a'zo bo‘lgan. 2014-yilda Toshkentda tashkilotning vakolatxonasi ochildi. 2022-yilgacha bo‘lgan harakatlar rejasini belgilab bergan Hadli dastur doirasida FAO O‘zbekiston hukumati bilan kelishilgan uchta ustuvor yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlab keladi, bular: Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa davlat idoralarini institusional va strategik qo‘llab-quvvatlash; qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat zanjirini rivojlantirish, bozorga kirish; tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillik.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi