O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Litsenziyalash va ruxsatnoma berish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda

2021-01-07 | Jamiyat

Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida tadbirkorlarni ko‘p qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o‘zgartirish haqida topshiriqlar berilgan edi.

Topshiriqqa asosan vazirlik tomonidan soha mutaxassislari va tadbirkorlarning takliflari asosida biznes muhitni yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar olib borildi.
 
Mana shunday ishlardan biri bu lisenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 24 avgustidagi PF–6044-son Farmoni hisoblanadi. Ushbu Farmon bilan sohada ilg‘or islohotlar amalga oshirilishi boshlandi.
 
1. Lisenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat yo‘nalishlari soni sezilarli ravishda qisqartirildi.
Inson sog‘lig‘iga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlarini lisenziyalashdan chiqarib tashlash hamda xavflilik darajasi past bo‘lgan faoliyatlarni tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazildi. Bunda “tartibga solish gil'otinasi” usulini qo‘llash orqali ayrim turdagi lisenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi.
 
Farmonga ko‘ra qariyb 70 ta lisenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 34 ta ruxsatnomalarni bekor qilish yoki muqobil shakllarga o‘tkazish nazarda tutildi.
 
Lisenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik sub'ektlarining yiliga qariyb 40 mlrd. so‘m mablag‘lari iqtisod qilinib, o‘z ixtiyorida qoldiriladi.
 
2. Sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etildi.
Xabarnoma yuborishda jismoniy hamda yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi va ularning faoliyati belgilangan talablarga muvofiq kelishini o‘zlari tasdiqlaydi. Bunda faoliyatni boshlash yoki harakatni amalga oshirish uchun vakolatli organ hujjatlarni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilinmaydi.
 
Farmon bilan 14 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo‘nalishlari va 13 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga o‘tkazildi.
 
Xususan, maktabgacha ta'lim, lombard, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarini vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin bo‘ladi.
 
Xabardor qilish tartibini yagona standart asosida amaliyotga joriy etish maqsadida ushbu sohani tartibga soluvchi yagona nizomni ishlab chiqdik va Hukumatga kiritdik.
 
Bu orqali barcha vakolatli organlarning huquqni qo‘llash amaliyotini bir xilligini ta'minlaymiz.
 
3. Farmon bilan saqlab qolinayotgan litsenziya va ruxsatnomalarning biznes jarayonlari va ma'muriy tartiblarning keng ko‘lamli yengillashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Litsenziya talab va shartlari raqobatni cheklovchi qoidalar, ya'ni tovar va xizmatlar bozoriga kirib kelishga to‘siq bo‘luvchi omillarni qisqartirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqildi.
 
Jumladan, 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi hamda 14 turdagi faoliyatlar bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirildi.
 
Masalan, kredit byurosini ochish uchun litsenziya olishda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab bekor qilindi, ayrim faoliyat turlari uchun ustav fondi miqdoriga qo‘yiladigan minimal talablar olib tashlandi hamda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlashtirishni ixtiyoriy etib belgilandi.
 
Shuningdek, davlat unitar korxonalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirish huquqi bekor bo‘ldi.
 
4. Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to‘liq elektronlashtiriladi.
Buning uchun “Litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va uni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
 
Vakolatli organlarga murojaat qilish, hujjatlarni topshirish faqat elektron amalga oshirilishi belgilanyapti.
 
Tadbirkordan ortiqcha hujjatlarni taqdim etishga chek qo‘yiladi. Litsenziya berish uchun boshqa organning ma'lumotnomasi yoki boshqa hujjati kerak bo‘lsa tadbirkor ishtirokisiz vakolatli organning o‘zi yagona tizim orqali oladi.
 
Farmon bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechib, QR-kod qo‘yilgan elektron hujjatlar taqdim etishga to‘liq o‘tiladi.
 
Mazkur ishlar natijasida, ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishdagi korruptsion holatlarning yuzaga kelishi cheklanadi, tadbirkorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq vaqt
va moliyaviy xarajatlari iqtisod qilinadi, davlatning maxsus blankalarni olishga bir yilda yo‘naltiradigan 13 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lari tejaladi va qariyb 3,5 mln. dona qog‘oz sarflanishi oldi olinadi.
Ma'lumot o‘rnida aytmoqchimanki, hozirda “Litsenziya” axborot tizimini ishlab chiqish ishlari yakuniy bosqichga keldi va 2021-yil 1-yanvardan ishga tushiriladi. Tizim orqali avvalo biz uchun yangi institut bo‘lgan xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish jarayonlari to‘liq elektronlashtirilmoqda.
 
5. Ruxsat berish tartib-taomillariga doir munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni tizimlashtirish, kodifikasiyalash va normativ yukini qisqartirish choralari ko‘rilmoqda.
Bunda 20-yil avval qabul qilingan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi, shuningdek “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarni birlashtirish orqali yagona qonun loyihasi ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
 
Shuningdek, litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartiblarining pasportlari joriy qilinmoqda. Pasportlarni ishlab chiqish natijasida tadbirkor katta hajmli nizomlar bilan tanishib o‘tirishga zarurati qolmaydi. Faoliyatni amalga oshirish uchun asosiy ma'lumot va talablar bitta hujjat – pasportlarda aks ettiriladi.
 
Xususan, xabardor qilish tartiblarining pasportlari ishlab chiqilgan bo‘lib, lisenziya va ruxsatnomalarning pasportlarini tayyorlash ishlari deyarli yakunlanib qoldi.
 
Ta'kidlash lozimki, Farmon bilan litsenziyalash va ruxsat berish tizimi islohotini bir martalik emas, balki davomli va natijali qilish uchun zamin yaratilmoqda.
 
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda ushbu sohani keskin yengillashtirishga qaratilgan va barcha masalalarni kompleks qamrab olgan juda muhim, yangi va zamonaviy yechimlarga ega hujjatdir.
 
Farmonni hayotga tatbiq etish orqali litsenziyalash va ruxsat berish tizimi shaffofligi ta'minlanadi, ma'muriy tartib-taomillar birxillashtiriladi (unifikatsiyalanadi) biznes va davlat organlarining mas'uliyati oshirilishiga olib keladi, ushbu munosabatlarda korruptsion imkoniyatlarga qarshi kuchli zarba bo‘ladi.

Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

Поделиться