O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yoshlar tarbiyasiga mas’ul rahbarlar uchun o‘quv seminar bo‘lib o‘tmoqda
2021-01-06 | Yoshlar
5-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqqa Murojaatnomasi hamda "Yoshlar forumi"da belgilab berilgan vazifalar yuzasidan yoshlar tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan rahbarlar uchun davlat idoralari rahbarlari ishtirokida ikki kunlik o‘quv-seminar boshlandi.
Mazkur o‘quv-seminarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov, hamda AKT sohasida faoyliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarning rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis va xalqqa Murojaatnomasida hamda “Yoshlar forumi”da belgilab berilgan eng muhim vazifalardan biri yoshlarning bilim va saviyasini oshirish va yetuq malakali kadrlarni tayyorlash deb ko‘rsatildi.
2020-yil 29-dekabr kuni Davlatimiz rahbari tomonidan bu yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qildilar.
Prezidentimiz 2020-yil 25-dekabr kuni Yoshlar forumida yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, yoshlarga, ularning kuch-g‘ayratiga va azmu shijoatiga suyanishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Forumda juda ko‘plab sohalar qatori axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi oldiga ham bir qancha vazifalar qo‘yildi. Ana shu maqsadlardan kelib chiqqan holda Vazirlik o‘z oldiga muhim vazifalarni belgilab oldi.
Yoshlar va mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiluvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish, yoshlarni AKT sohasiga yanada qiziqtirish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy yilda 100 dan ziyod shahar va tumanda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil qilinadi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatida Axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududlarda mazkur yo‘nalishda texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yiladi.
2021-yildan boshlab xalqaro “IT” sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.
Keyingi ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming yoshlarni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish, masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini yaratadigan “Onlayn, Raqamli, Xavfsiz ixtisoslashtirilgan maktab”, “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” axborot tizimlar yaratiladi va ishga tushiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Xorazm va Namangan viloyatlarida IT Park filillari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi PQ–4851-son qaroriga muvofiq 2020 yilda 14 ta informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablari tashkil etildi va jihozlandi. Shuningdek, 2021-yilda – 82 ta, 2022 yilda – 64 ta va 2023-yilda – 45 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun:
TATUda 2020/2021 o‘quv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan TATU tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020/2021 o‘quv yili uchun qo‘shma fakultetga 500 nafar talaba qabul qilindi.
TATU va uning filiallarida jami 1 5000 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 7-yanvardagi PQ-4097-son qarori bilan Toshkent shahrida Amiti universiteti tashkil etilgan va o‘z faoliyatini 2019/2020 o‘quv yilidan boshlagan Toshkent shahrida Amiti universitetiga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PhD darajasiga ega professor-o‘qituvchilar jalb qilingan bo‘lib, 2019/2020 o‘quv yilida 498 nafar talaba birinchi bosqichni yakunladi. Toshkent shahridagi Amiti universitetiga 2020/2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, 384 nafar talaba qabul qilindi.
Bugungi kunda Toshkent shahridagi INHA universitetida 51 nafar professor-o‘qituvchi va assistent faoliyat yuritib, talabalarning umumiy soni 1506 nafarni tashkil etadi. Toshkent shahridagi INHA universitetiga 2020/2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, 420 nafar talaba qabul qilindi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab 2020/2021 o‘quv yili uchun qabul kvotasi 330 nafar etib belgilangan bo‘lib, kirish imtihonlari respublikamizda birinchi marotaba onlayn shaklda ikki bosqichda o‘tkazildi.
Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 3-tashabbusi doirasida Aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan, shuningdek, ularni axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida respublika bo‘yicha 107 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi