Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda hududiy bo‘linmalar rahbarlari - investitsiyalar va eksportni jalb etish bo‘yicha respublika tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlari uchun seminar tashkil etdi.
O‘quv mashg‘ulotlarida investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosarlari, Vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, vazirlik, idora, tegishlm qo‘mita, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbariyati va ekspertlar ishtirok etdi.
Tashabbus investitsiyalarni jalb etish, xorijiy va mahalliy investorlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish, eksport salohiyatini rivojlantirish va ichki mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, iqtisodiy va sanoat imkoniyatlarini tahlil qilish va shahar, tuman va mahallalar darajasida "o‘sish nuqtalari"ni aniqlash bo‘yicha malakani oshirish va ko‘nikmalarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan.
O‘quv mashg‘ulotlari “Investisiyaviy takliflarni ishlab chiqish va investisiyalarni jalb qilish”, “Investitsiyaviy dasturni shakllantirish va investisiyaviy loyihalari amalga oshirilishining monitoringini tashkil etish”, “Tarmoqlarga investitsiyalarni jalb etish va eksport salohiyatini rivojlantirish”, “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlarining talab va tartiblari”, “Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari”, “Bo‘sh yer uchastkalari, bino va inshootlar, xom ashyo va kredit resurslaridan samarali foydalanish”, “Marketing tadqiqotlari” yo‘nalishlarida tashkil qilindi.
Ishtirokchilar tuman va shaharlar vakillarini o‘z ichiga olgan guruhlarga bo‘linib, turli hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda loyihalarni amalga oshirish va eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajriba almashish, shuningdek, tadbirkorlar bilan mintaqalararo sanoat kooperatsiyasi va aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Treningdan so‘ng ishtirokchilar har bir tuman va shahar uchun investisiya va eksport faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyalarni taqdim etadilar, bu istiqbolli tarmoqlarga investisiyalarni jalb qilish bo‘yicha aniq investisiya takliflari, sanoat ishlab chiqarish va eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha samarali algoritmlar, shuningdek, mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha muddat va kutilaetgan natijalar ko‘rsatilgan choralar belgilandi.
Kurslar joriy yilning 30-dekabriga qadar davom etadi. Shu kabi tadbirlarni o‘tkazish amaliyoti kelasi yili muntazam ravishda davom etishi rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi