O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezident: Qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz

2020-12-29 | Siyosat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tahlillariga ko‘ra, pandemiya xavfi hali uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin. Demak, insoniyat boshidagi sinovlar yana qancha davom etishini hech kim aniq aytib bera olmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, nufuzli ekspertlar prognoziga ko‘ra, pandemiya butun dunyoda inqirozli holatlar, ijtimoiy keskinlik, qashshoqlik kabi muammolarni kuchaytirishi mumkin.

Barchamizga ayonki, pandemiyadan keyin dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi albatta o‘zgaradi.

Mana shunday sharoitda kim yutadi? To‘plangan tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, kuchli va samarali boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan davlatlar pandemiya xavfini o‘z vaqtida va bir yoqadan bosh chiqarib, bartaraf etishga va bu kurashda yengib chiqishga qodir bo‘ladi. Buni O‘zbekistonning pandemiya davridagi kurash tajribasi ham isbotlab turibdi.

Lekin erishgan natijalarimizga mahliyo bo‘lmasdan, jahondagi vaziyatga sergaklik bilan qarab, barchamiz – kim bo‘lishimiz, qaysi vazifada ishlashimizdan qat’i nazar, mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlash haqida jiddiy o‘ylashimiz zarur.

bugungi murakkab sharoitda, yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo‘lishini ta’minlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi shart.

Global inqiroz sharoitida iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash, joylardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish, ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish – Prezidentdan boshlab barcha darajadagi rahbarlarning bosh vazifasi bo‘lmog‘i darkor.

Ana shu o‘ta muhim vazifalarni amalga oshirishda asosiy talab davlat va jamiyat institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash, bu jarayonda natijadorlik va sifatni oshirishdan iborat.

2021-yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida yana bir katta siyosiy voqea – Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi.

Markaziy saylov komissiyasi bo‘lajak saylov milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratishi lozim.

Birinchi navbatda, saylov komissiyalari a’zolarini saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar bo‘yicha tizimli o‘qitish kerak.

O‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish ishlarini davom ettiramiz.

Bu muhim siyosiy kampaniya yangi O‘zbekiston sharoitida saylovchilarimiz, barcha fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozitsiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etadi, deb ishonaman.

Aziz do‘stlar! 

O‘ylaymanki, bugungi Murojaatnomada o‘rtaga qo‘yilgan ustuvor vazifalar bo‘yicha parlamentimiz, siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar, ko‘pni ko‘rgan donishmand nuroniylarimiz, tashabbuskor yoshlarimiz – keng jamoatchilik o‘z fikr-mulohazalarini bildiradi.

Hukumat bir oy muddatda ana shu ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar bo‘yicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar, fikr va mulohazalarni inobatga olgan holda, 2021 yil Davlat dasturini hamda O‘zbekistonning pandemiyadan keyingi taraqqiyot dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘z oldimizga qo‘ygan marralarga erishish uchun bizda tabiiy resurslar ham, kuch va imkoniyatlar ham, salohiyat ham yetarli.

Ortimizda tog‘dek tayanch va suyanch bo‘lib turgan ko‘pmillatli xalqimiz, hayot yo‘llarida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan mo‘’tabar nuroniylarimiz, mehnatkash, oqila opa-singillarimiz, ilg‘or va zamonaviy fikrlaydigan, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan azmu shijoatli yoshlarimiz bor.

Eng muhimi, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibat muhiti hukm surmoqda.

Biz barchamiz “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan yagona maqsad atrofida birlashib, mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilib, o‘z orzu-maqsadlarimizga, inshoolloh, erishamiz.

Bugun yaxshi niyatlar bilan juda katta marralarni o‘zimizga belgilab olmoqdamiz. 2021 yilda oldimizda har qachongidan ham zarur, o‘ta muhim vazifalar turibdi.

Albatta, ularga erishish oson bo‘lmaydi. Hayotimizning turli sohalarida muammo va kamchiliklarimiz ham yetarli. Joylarda ishni to‘g‘ri tashkil etmaslik, ayrim rahbarlarda saviya va malaka yetishmasligi, byurokratiya, korrupsiya holatlari, loqaydlik va beparvolik kabi nuqsonlar ham borligi sir emas.

Biz bularning barchasini o‘zimizga yaxshi tasavvur etamiz. Yo‘limizda katta g‘ov bo‘lib turgan to‘siqlarni bartaraf etish uchun boshlagan islohotlarimizni og‘ishmasdan davom ettiramiz.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangi yilda yanada katta safarbarlik ruhida ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur.

Lekin, qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Oldinga, faqat oldinga qarab boramiz. Va biz bunga har tomonlama qodirmiz.

Chunki bugungi xalqimiz kechagi xalq emas. bugungi O‘zbekiston ham kechagi O‘zbekiston emas.

El-yurtimiz hozirgi og‘ir sharoitda barcha sinov va qiyinchiliklardan yanada kuchli va irodali bo‘lib chiqmoqda. O‘zining hayoti va taqdiri, kelajagi Vatanimizning taqdiri va kelajagi bilan chambarchas bog‘liq ekanini chuqur his etmoqda.

Hech shubhasiz, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yanada kuchli va mustahkam qilmoqda. Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda bo‘lishning o‘zi katta baxt, katta sharafdir.

Barchamizga ana shu ulug‘ safda boshqalarga ibrat va namuna bo‘lish, jonajon Vatanimiz, aziz xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish nasib etsin!

Fursatdan foydalanib, sizlarni, sizlar orqali barcha vatandoshlarimizni kirib kelayotgan yangi – 2021-yil bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Yangi yilda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, farzandlar, nabiralarning kamolini ko‘rish baxtini tilayman.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining navbatdagi Murojaatnomasi yakunlandi.

Manba: O'zA

Поделиться