O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Shavkat Mirziyoyev: Kelasi yil boshidan har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi

2020-12-29 | Siyosat

Hurmatli parlament a'zolari!
 
Islohotlarimiz xalqimizning kundalik hayotida o‘z ifodasini topishi, kutgan natijalarimizga erishish ko‘p jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bog‘liq. Shu maqsadda kelgusi yilda quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozim.
 
Birinchidan, davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish talab qilinadi. Ko‘pgina vazirlik va idoralar faoliyatida, qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgan. Ularning vazifalari aniq va to‘liq belgilanmagani sababli faoliyatlarida bir-birini takrorlash holatlari mavjud. Sababi, vazir o‘rinbosarlari, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari masalani hal qilish, javobgarlikni o‘ziga olish, tashabbus ko‘rsatishda yetarli bilim va malakaga ega emas.
 
Ular nima uchun mas'uliyatni o‘ziga olmaydi? Yo bilimi yo‘q, yo qat'iyati yetmaydi, yoki korrupsiyaga berilgan.
 
Afsuski, bunday rahbarlar aholi kutayotgan hayotiy muammolarni hal qilish o‘rniga, keraksiz qog‘ozbozlik va natijasiz majlislar o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolmoqda.
 
Yana bir jiddiy kamchilik shuki, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan xodimlar sonini va ish jarayonlarini optimallashtirish choralari ko‘rilmayapti.
 
Shuning uchun, Hukumat ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini tayyorlasin. Bunda davlat boshqaruvi xodimlari sonini o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur.
 
Kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga ko‘paytirib, ularni 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarur.
 
Ikkinchidan, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi mas'uliyat va javobgarligi kuchaytiriladi.
 
Kelasi yil boshidan har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi.
 
Vazirlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatiga tuman, shahar, qishloq va mahallada amalda qanday o‘zgarish bo‘lganiga qarab baho beriladi.
 
Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, o‘zlarining quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga o‘rgatish va malakasini muntazam oshirib borish uchun mas'ul bo‘ladi.
 
Deputat va senatorlar o‘zlari saylangan hududdagi muammolar, tegishli vazirlik va hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganini doimiy o‘rganib, nazorat qilib borishlari kerak.
 
Shu o‘rinda, yana bir masala – tuman, shahar va mahalla boshqaruvida samaradorlikni oshirish uchun xodimlar soni va maoshini hududning o‘ziga xosligi va ish hajmidan kelib chiqib belgilash lozim.
 
Masalan, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida 150 ming, Urgut tumanida 500 mingdan ortiq aholi yashaydi. Yoki Shayxontohur tumani aholisi qariyb 350 ming, Bektemirda esa 46 ming nafar.
 
Lekin, ushbu tumanlarda boshqaruv xodimlari soni va ularning ish haqi bir-biridan katta farq qilmaydi. Shuning uchun, Hukumat ikki oy muddatda o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv idoralarining faoliyatini tubdan takomillashtirish, ulardagi xodimlar soni va mehnatiga haq to‘lash shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.
 
Uchinchidan, mahalliy ijro organlari, vakillik idoralari hamda mahallaning institusional asoslarini yanada takomillashtirish lozim.
 
Mahalliy hokimlik va kengashlar bundan 27 yil avval, ya'ni hokimlik instituti joriy etilgan dastlabki paytda qabul qilingan Qonun asosida ishlamoqda. Bu hujjat bugungi islohotlarimiz talablariga mutlaqo javob bermasligini hisobga olib, uni tubdan yangilash zarur.
 
Islohotlarimiz natijalari, bo‘layotgan o‘zgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. Shu ma'noda, “mahalla – yorug‘ yuzimiz va vijdonimiz ko‘zgusi”, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
 
Shuning uchun, barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natija qilishi shart va zarur.
 
Bundan buyon, mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon bo‘ladi.
 
Shuningdek, mahallaning nufuzini, uning resurs va imkoniyatlarini oshirish, xodimlarining moddiy ta'minotini yaxshilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish zarur.
 
Joriy yilda, tumanlar byudjetiga qo‘shimcha manbalarning kamida 10 foizini bevosita mahalladagi muammolarni hal etishga sarflash bo‘yicha ishlarni boshlab, bu maqsadlarga 70 milliard so‘m ajratildi.
 
Endi bu vakolatni yanada kengaytirib, tuman byudjeti xarajatlarining 5 foizini ham ana shunday maqsadlarga yo‘naltirish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Buning natijasida, bu yangi eksperiment orqali birgina G‘ijduvon tumanida 8 milliard so‘m, yoki Farg‘ona shahrida 11 milliard so‘m mablag‘ aynan aholi dolzarb deb hisoblaydigan muammolarni hal etish uchun sarflanadi.
 
Mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari vakolatlarini kengaytirib, ularga aholi muammolarini bevosita hal qilish imkonini yaratishimiz kerak. Bunda, mahalla raisiga mahalliy kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish huquqini berish lozim. Bu orqali muammolarni tezkor hal qilishga erishish imkoniyati yaratiladi.
 
Mahallada ishlayotgan malakali va tashabbuskor kadrlarni, davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
 
Qonunchilik palatasi va Senat, Vazirlar Mahkamasi bilan birga 2021 yil 1 aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqsin.
 
Ushbu hujjatlarda, hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasi, vazifa va funksiyalari aniq belgilanishi lozim.
 
To‘rtinchidan, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart.
 
Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur. Korrupsiya o‘ta og‘ir jinoyat ekani va unga nisbatan murosasiz bo‘lish g‘oyasini farzandlarimizga yoshlik davridan boshlab singdirishimiz, ularga faqat halol mehnat va tadbirkorlik orqali daromad topishni o‘rgatishimiz lozim.
 
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari ochiq va faqat ochiq bo‘lishini ta'minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.
 
Masalan, fuqarolarimiz joriy yildan boshlab, ochiq e'lon qilinayotgan davlat xaridlariga oid ma'lumotlardan foydalanib, o‘rinli masalalarni ko‘tarmoqda.
 
Moliya vazirligi uch oy muddatda davlat idoralari byudjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma'lumotlarni e'lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
 
Bundan tashqari, oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingani bundan buyon ularning qaror qabul qilishida ochiqlikni ta'minlash zarurligini taqozo etmoqda.
 
Shuning uchun, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlarini hisobga qo‘yish va e'lon qilish bo‘yicha elektron axborot tizimi joriy etiladi.
 
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bir oy muddatda ochiq e'lon qilinishi lozim bo‘lgan ma'lumotlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha taklif kiritsin.
 
Korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yo‘lga qo‘yishdan iborat.
 
Ushbu tizim asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, ma'naviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etiladi.
 
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish va bilimini baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
 
Beshinchidan, islohotlarimiz har bir insonga yetib borishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va samarali ta'minlash lozim.
 
So‘nggi 4 yilda barcha sohalarda keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha 150 ta qonun, 2 mingga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.
 
Lekin, joylarda barcha rahbarlar ham ushbu hujjatlar mazmun-mohiyatini tushunib, berilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda, aholi va tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratmoqda, deb ayta olmaymiz.
 
Amaldagi nazorat tizimi esa ko‘proq formal tusga ega bo‘lib, ijroni tashkil etishdagi muammolarni aniqlash va hal qilishga yo‘naltirilmayapti.
 
Shuning uchun, kelgusi yilda bu borada yangi ish tizimi joriy etiladi. Endi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarma va bo‘limlarining asosiy vazifasi qabul qilingan hujjatlarni mas'ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilishdan iborat bo‘ladi.
 
Shu maqsadda, Adliya vazirligiga zarur vakolat va resurslar beriladi. Shuningdek, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda, jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yo‘lga qo‘yiladi.
 
Jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimi joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etiladi.
 
Shuningdek, tahlillar asosida ijroga xalaqit berayotgan ortiqcha vazifa va funksiyalar qisqartiriladi.
 
Davlat idoralaridagi ijro sifati va holatini viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarida, respublika darajasida esa – Vazirlar Mahkamasida har oyda tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etiladi.
 
Hukumat, Adliya vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birga bir oy muddatda ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilasin.
 
Adliya vaziri barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan televidenie orqali “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda”, degan mavzuda ko‘rsatuv va chiqishlar tashkil etib, xalqimizga islohotlar mohiyati va natijalarini yetkazib borish tizimini joriy etsin.
 
Oltinchidan, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
 
Xabaringiz bor, ayni paytda Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganildi.
 
Achchiq bo‘lsa ham to‘g‘risini tan olib aytishimiz kerak, bu o‘rganishlarimiz natijasida birinchi marta joylardagi ayollarimiz dardu hasratlariga to‘la bo‘lgan adolatli haqiqat yuzaga chiqdi.
 
Shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirilmoqda, ularni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topilmoqda. Bu ishlarga mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan ko‘mak bermoqda.
 
Lekin bu hali ayollar muammolarini yechish uchun biz bajarishimiz shart va zarur bo‘lgan ishlarning boshlanishi xolos.
 
Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimiz yuragidagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim. 
 
Ayollarning andisha qilib, biz erkaklarga ayta olmagan dardu tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning o‘zidan yaxshi tushunadigan inson yo‘q. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borgan islohotlarimiz natijasida Parlamentimiz yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iborat bo‘ldi.
 
Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Endi xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida, hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etishni taklif qilaman.
 
Kengashga bu borada katta tajribaga ega bo‘lgan Senatimiz Raisi Tanzila Kamolovna Norboeva rahbarlik qilsa, degan taklifni bildirsam, o‘ylaymanki, barchangiz meni qo‘llab-quvvatlaysiz.
 
Joylardagi xotin-qizlar kengashlari faoliyatiga esa hokimlarning ushbu masalalar bo‘yicha maslahatchilari rahbarlik qilishi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
 
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika va hududiy jamg‘armalarni yangi tashkil etiladigan kengashlar ixtiyoriga o‘tkazib berish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblayman.
 
Ayollarning biznes-loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod (100 million dollar) mablag‘ yo‘naltiriladi.
 
Buning uchun, “Xalq banki” tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, namunaviy biznes-rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etiladi.
 
Oliy Majlis palatalari va Hukumat bir oy muddatda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha taklif ishlab chiqsin.
 
Yana bir muhim masala – nuroniy otaxon va onaxonlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz ham qarz, ham farzdir.
 
Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan keksalarga doimiy yordam ko‘rsatilishi uchun uning moliyaviy imkoniyatlari yanada kengaytiriladi. Buning uchun keyingi yilda ushbu jamg‘armaga byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi.
 
O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 16 mingdan ziyod keksalarga yordam berish, ularning hayotini mazmunli tashkil etish uchun to‘lovlar miqdori oshiriladi hamda ularga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar ko‘lami kengaytiriladi.
 
Shuningdek, Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida yangidan tashkil etiladigan sihatgohlarda hamda mavjud dam olish maskanlarida jami 25 mingdan ortiq nuroniylarning sog‘lig‘i tiklanadi.
 
Markaziy telekanallarimizda namoyish etilayotgan “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvi soni ko‘paytirilib, mazmunan boyitilsa, shuningdek, yangi “Nuroniylar maslahati”, “Mahallada gurung” kabi yangi ko‘rsatuvlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
 
Yettinchidan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz.
 
Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish zarur.
 
Ayniqsa, mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari keng jalb etiladi.
 
Bunday hamkorlikni, eng avvalo, ta'lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish kabi muammoli sohalarda keng joriy etish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu ishlarni tashkil etish uchun, kelgusi yilda byudjetdan 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
 
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etishni taklif qilaman. Ushbu vakil, quyi palata yig‘ilishlarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qonunlarga ta'sirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish bo‘yicha takliflar berish vakolatiga ega bo‘lishi zarur, deb hisoblayman.
 
Navbatdagi muhim masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman.
 
Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni xolis yoritish bilan birga joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik e'tiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni da'vat etib, undab kelayotganini alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman.
 
Ular tom ma'noda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda. Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap.
 
Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi.
 
Biz o‘tgan to‘rt yil davomida jamiyatimizda oshkoralik va ochiqlik, so‘z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o‘rganib borayapmiz. Adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlaydigan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib, ularni ish uslubini o‘zgartirish va mas'uliyatini oshirishga majbur qilmoqda.
 
Bundan buyon har bir davlat organi o‘z kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur va shart.
 
Bu boradagi mavjud qonunchilikni liberallashtirish yo‘lida tashlangan dadil qadamlarimizning dalili sifatida kuni kecha Jinoyat kodeksining matbuot orqali “tuhmat” va “haqorat qilish” kabi moddalari bo‘yicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi.
 
Kelgusi yilda ham so‘z erkinligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytiriladi.
 
Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishning dastlabki davrida ommaviy axborot vositalarini keng qo‘llab-quvvatlash, ularni himoya qilish, davlat idoralarida axborot xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tashkil etilgan edi.
 
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ularni yanada rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться