O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezident: Jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim

2020-12-29 | Siyosat

Prezidentimiz taklifi bilan 2021-yilga deb nom berildi. Ushbu taklif jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

– 2021-yil nomida belgilangan sohalarni tubdan isloh qilish va yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishimiz lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchidan, bola dunyoga kelganidan boshlab, unda aynan maktabgacha bo‘lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy-estetik va jismoniyxislatlar shakllanadi.

Shu bois ham, kelgusi yillarda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasidagi strategik maqsadimiz – ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, bog‘cha yoshidagi har bir bolani ushbu ta’lim yo‘nalishi bilan to‘liq qamrab olish uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat.

Kelgusi yil yakuni bilan maktabgacha ta’lim qamrovini 65 foizga, 2023 yil oxirida esa 75 foizga yetkazishimiz kerak. Bu ishlarga byudjetdan 600 milliard so‘m subsidiya berish hisobidan qo‘shimcha 2 mingta nodavlat bog‘cha tashkil etilib, xususiy sektor ulushi 25 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, 2021 yilda maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan 560 ming nafar 6 yoshli bolalar yoki ularning 82 foizi qamrab olinadi.

Uzoq qishloqlarda maktabgacha ta’limning muqobil shakllari yanada kengaytiriladi. Bunda YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha ta’limni uyda berish modeli ham yo‘lga qo‘yiladi.

Ikkinchidan, maktab ta’limini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom ettiriladi.

Kelgusi yili 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion so‘m ajratiladi.

Sohada yagona “elektron ta’lim” tizimini joriy etishga kelgusi 2 yilda 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Ta’lim sifatini tubdan yaxshilash maqsadida, avvalo, o‘quv dasturlari, o‘qituvchi va domlalar uchun metodik qo‘llanmalarni ilg‘or xalqaro dasturlarga moslashtirish lozim.

Bolalarning tahliliy va kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish uchun ularga sermazmun va tushunarli darsliklar yaratish zarur.

Bu borada kelgusi o‘quv yilida boshlang‘ich sinflarda davlat ta’lim standarti o‘rniga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, bolaga ortiqcha yuklama bermaydigan “Milliy o‘quv dasturi” joriy etiladi.

Umumta’lim maktablaridagi ta’lim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori bo‘lishi shart. Buning uchun chekka hududlarda maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Jumladan, boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan o‘qituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa – 100 foiz ustama haq to‘lanadi.

Shuningdek, hududlarda xususiy maktablar faoliyatini rag‘batlantirish uchun byudjetdan subsidiyalar ajratiladi.

Yoshlarning iqtidori va salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan uzluksiz tizim yaratiladi.

Kelgusi yilda yurtimizda 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 197 ta maktab o‘z faoliyatini boshlaydi.

Iqtidorli o‘g‘il-qizlarimizning yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishiga keng sharoit yaratish hamda raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida alohida universitet tashkil etamiz. Ushbu oliygohda chet eldagi yetakchi olimlar va professor-o‘qituvchilar jalb qilinib, yoshlarga eng zamonaviy dasturlar asosida ta’lim-tarbiya beriladi.

Bolalarimizning mehnat ko‘nikmalarini maktab davridan boshlab shakllantirib borish maqsadida “kasbga o‘rgatish tizimi” joriy etiladi.

Yana bir masala – pedagoglar malakasini oshirish, ularning mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ma’lumki, muallimlar hozirgi vaqtda eskicha usulda har 5 yilda malaka oshiradi. Bundan buyon ularning, “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida, o‘z malakasini uzluksiz oshirib borishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning o‘z fanini bilishi, pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligidan kelib chiqib, toifa berish mezonlari ham qayta ko‘rib chiqiladi.

Yana bir bor takrorlayman, jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim. Muallimlarimiz bolalarga sifatli ta’lim berish va o‘z ustida ishlashdan boshqa narsa haqida o‘ylamasligi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratib berishi zarur.

Shu bois, o‘qituvchi, murabbiy va metodistlar mehnatiga munosib haq to‘lash bo‘yicha boshlagan ishlarimiz kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Buning uchun xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalariga 330  milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, 240 mingdan ziyod maktab o‘qituvchilariga sinf rahbarligi uchun ustama to‘lovlar 1,5 barobarga oshirilib, byudjetdan 400 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Uchinchidan, oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Keyingi yildan boshlab, oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshiriladi.

Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazamiz.

A’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etiladi.

Shu o‘rinda bir fikrni aytmoqchiman. Hozirgi vaqtda yoshlar eng nufuzli oliygohlarga kirish uchun intiladi, lekin oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida bilimli va iqtidorli yoshlarni jalb qilish bo‘yicha raqobat yo‘q. Shu sababli, xususiy oliygohlarga ham kerakli mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Oliygohlar va ta’lim tizimining quyi bo‘g‘inlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, 187 ta texnikum ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktiriladi.

Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishimiz zarur.

Shu munosabat bilan, kelgusi yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi.

Bu dastur orqali ilk bor bakalavr yo‘nalishida chet ellarga 100 nafar o‘g‘il-qizlarimizni yuboramiz. Keyingi yillardan ularning soni 2-3 barobarga ko‘paytiriladi.

Yangi yilda yurtimizdagi 30 ta yetakchi oliygohga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi beriladi.

To‘rtinchidan, mamlakat taraqqiyotining zamini, hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalardir.

Kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkaziladi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshiriladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratiladi.

Ilg‘or xalqaro amaliyot asosida, dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli bo‘lgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga o‘tkaziladi.

Joriy yilda ilk bor matematika, kimyo-biologiya va geologiya fanlarini ta’lim va ilmning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab, ularni kompleks rivojlantirish choralari ko‘rildi.

Jumladan, 98 ta ixtisoslashgan maktab hamda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. O‘quv dasturlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, o‘qituvchilarning ish haqi oshirildi.

Endi keyingi yil uchun ustuvor ilm-fan yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak.

Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi deyarli barcha kashfiyot va texnologiyalarni yaratishda fizika fani fundamental asos bo‘lganini ko‘ramiz.

Haqiqatan ham, fizika qonuniyatlarini chuqur egallamasdan turib, mashinasozlik, elektrotexnika, Ay-Ti, suv va energiyani tejaydigan texnologiyalar kabi bugun zamon talab qilayotgan sohalarda natijaga erishib bo‘lmaydi.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Mir Alisher Navoiy o‘z davrida yoshlarga murojaat qilib, “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et”, deb yozganlar.

Chindan ham, odamlarga quyoshdek beminnat nur tarqatishni, yaxshilik qilishni istaydigan inson kamolotga intilib, turli ilm va kasb-hunarlarni o‘zlashtirishi lozim.

Hozirgi davrda xorijiy tillarni mukammal o‘rganmasdan turib, buyuk bobomiz aytgan ana shunday marralarga erishib bo‘lmaydi, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Bunday o‘tkir talabga amal qilib, kelgusi yilda fizika va chet tillarini o‘rganishni ustuvor yo‘nalish etib belgilashni taklif etaman.

Shu maqsadda, kelgusi yilda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ushbu fanlarni o‘qitish sifatini tubdan oshirish, ixtisoslashgan maktablar ochish, malakali pedagoglarni jalb etish kabi tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.

Shuningdek, fizika yo‘nalishida ilmiy izlanishlar ko‘lami va sifatini oshirish, yosh olimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Beshinchidan, yoshlar o‘rtasida bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Buning uchun kelgusi yilda professional ta’lim tizimi mehnat bozoridagi talab va xalqaro andozalarga mos yangicha yondashuvlar asosida isloh qilinadi. Bundan buyon ishchi kasblar bo‘yicha talab qo‘yishda malaka asosiy o‘ringa chiqadi.

Shuning uchun, Hukumat kelgusi yil 1-yanvardan talab yuqori bo‘lgan ishchi kasblar bo‘yicha fuqarolarning malaka darajasini tasdiqlash tizimini joriy etsin.

Xabaringiz bor, kuni kecha Yoshlar forumidagi uchrashuvimizda yoshlar tadbirkorligi va bandligini ta’minlash uchun 100 million dollar ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildik.

Bundan tashqari, yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda ularni kasb-hunarga o‘qitish uchun 1 trillion so‘m va 50 million dollar ajratiladi.

Oltinchidan, ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi bo‘lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Hozirgi kunda respublikamizda alohida e’tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan 150 ming nafar farzandlarimiz bor. Ularning ta’lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko‘maklashish, og‘ir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda o‘z o‘rnini topishga yordam berish, uy-joy bilan ta’minlash – nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir.

2021 yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga 50 milliard so‘m ajratiladi.

Umuman, bunday ezgu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard so‘m yo‘naltirsak, o‘ylaymanki, sizlar ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaysiz. Bu mablag‘lar yil davomida ko‘paytirib boriladi.

Bu tashabbus umumxalq harakatiga aylanishi, saxovatpesha hamyurtlarimiz ushbu xayrli ishga munosib hissa qo‘shishiga ishonchim komil.

Oliy Majlis palatalari Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlab, bu borada faollik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni rag‘batlantirishni ham nazarda tutishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishning ham vaqti-soati keldi.

Umuman yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kuni kecha bo‘lib o‘tgan Forumda juda ko‘plab masalalar yechimini kelishib oldik. Shuning uchun, bugun ular to‘g‘risida batafsil to‘xtalmadim.

Barchamiz uchun endigi vazifa – ushbu tashabbus va takliflarni to‘liq amalga oshirishdan iborat.

Manba: O'zA

Поделиться