Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi "yoshlar, innovatsiya va sog‘liqni saqlash" yo‘nalishlari bo‘yicha uchta yangi loyihani moliyalashtirishni ma'qulladi
BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi Boshqaruv qo‘mitasi arizalarni qabul qilish bo‘yicha ikkinchi chaqiriq doirasida "yoshlar, innovatsiya va sog‘liqni saqlash" yo‘nalishlariga oid umumiy qiymati 6 mln. AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 3 ta loyihani moliyalashtirishni ma'qulladi.
Ushbu arizalar mustaqil ekspertlardan iborat baholash qo‘mitasi tomonidan oldindan ko‘rib chiqildi. Ekspertlar tarkibiga hukumat organlari vakillari, BMT xodimlari, mustaqil ekspert va Trast fondi texnik kotibiyati a'zosi kiradi. Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha arizalar Trast fondi talablariga javob beradi, deya topildi va belgilangan tartibda tasdiqlandi.
Birinchi loyiha — “COVID-19 paytida va undan keyin yoshlarning iste'dodlarini jalb qilish va suv, sanitariya, gigiena va ovqatlanish sifatini yaxshilash orqali Qoraqalpog‘istonning barqaror kelajagiga sarmoya kiritish" — BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (YuNODS) va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) bilan birgalikda amalga oshiriladi. Loyiha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan 5000 bola va o‘spirinning sog‘lig‘ini mustahkamlashga hamda ovqatlanishini yaxshilashga qaratilgan. 10-17 yoshli o‘n ming qiz mikronutrientlar bilan ta'minlanadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining uchta tumani — Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatovdagi 15 ta maktabda sog‘liqni saqlash infratuzilmasi yaxshilanadi.
Loyiha orqali har yili 181 mingdan ziyod kishi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xususan, 20 ta birlamchi tibbiy-sanitar yordam muassasasida suv ta'minoti tizimi va sanitariya-gigiena infratuzilmasi yaxshilanadi. Bundan tashqari, 520 nafar yoshlar malaka oshirish dasturlari doirasida bilim va imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ikkinchi loyiha — "Orolbo‘yi mintaqasining zaif aholi punktlarida iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun moslashuvchan salohiyatini kuchaytirish orqali yoshlarning va zaif aholining ijodiy va innovatsion salohiyatini targ‘ib qilish" BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (YuNODC) hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda amalga oshiriladi. Dastur 1500 ga yaqin qishloq yoshlari va ayollarni qamrab oladi. Xususan, yoshlarning startap-loyihalari va biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslar joriy etiladi. Bundan tashqari, dastur 300 ayol va yoshlarga qishloq xo‘jaligida yangi usullarni qo‘llash imkoniyatini beradi va qishloq xo‘jaligi kooperativlari va 9 ta namoyish maydonchasini tashkil etish orqali 75 kishini ish bilan ta'minlash uchun sharoit yaratadi. Qolaversa, 120 talaba va 300 nafar yoshlar raqamlashtirish sohasidagi tashabbuslar, platformalar va ijtimoiy infratuzilma loyihalari yordamida axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida o‘zlarining kasbiy salohiyatlarini oshiradilar.
Uchinchi loyiha — "Qoraqalpog‘istonda sog‘liqni saqlash va xavfsizlikni umumxalq qamrab olish yo‘lida", O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Tibbiy muassasalar, tibbiy asbob-uskunalar va kadrlar resurslariga kelgusidagi investisiyalar to‘g‘risida ma'lumot berish uchun Mo‘ynoq tumani aholisining ehtiyojlarini baholash amalga oshiriladi. Loyihani hayotga tatbiq etish mintaqadagi aholi xavfsizligi, shu jumladan suv, energetika va yo‘l infratuzilmasining yanada kengroq jihatlarini hisobga olishga imkon beradi.
Asosiy donorlar (Trast fondi) Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Norvegiya, Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlari hisoblanadi.
Ma'lumot uchun: 2018 yil 27 noyabrda BMTning N'yu-York shahridagi shtab-kvartirasida O‘zbekistondagi BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi ishga tushirildi. 2019 yil 8 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori tasdiqlandi. Unda fondining samarali ishlashini ta'minlash uchun qulay institusional, huquqiy va moliyaviy muhit yaratish bo‘yicha bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. BMTning Trast fondi faoliyati to‘g‘risidagi batafsil ma'lumot Fondning http://www.aral.mptf.uz/ rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi