O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiyaga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga
2020-12-26 | Siyosat
2020-yil 26-dekabrda Turkiya Respublikasi Hukumati mamlakatda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishini cheklash maqsadida qo‘shimcha choralarni qabul qildi.
Hukumat qaroriga ko’ra, Turkiyaga kelayotgan barcha shaxslar uchun yangi qoidalar joriy qilindi. Jumladan, 2020-yil 28-dekabrdan boshlab Turkiyaga avia qatnovlar orqali va 2020-yil 30-dekabrdan boshlab esa quruqlik yoki dengiz yo‘llari orqali kirib keluvchi barcha yo‘lovchilarda mazkur mamlakatga kirishdan 72 soatdan oshmagan vaqt ichida topshirilgan PZR-testning manfiy javobi bo‘lishi shart.
Shu bilan birga, Turkiyaga havo transporti orqali keluvchi barcha shaxslar samolyot bortiga chiqishdan oldin olingan test natijasini taqdim qilishlari shart. Aks holda ularning mamlakatga kirishiga ruxsat berilmaydi. Aynan PZR-test natijasi talab qilinmoqda, koronavirusga tahlil yoki antitanachalar mavjudligi to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotnomalar qabul qilinmaydi.
Joriy qilingan choralar 2021-yil 1-martgacha amal qiladi.
Bundan tashqari, Turkiya tomoni COVID-19 virusining yangi shtammi qayd etilgan Buyuk Britaniya, Daniya, Italiya, Germaniya va Janubiy Afrika Respublikasiga so‘nggi o‘n kun ichida safar qilgan sayyohlar uchun o‘n kunlik karantinni ham joriy qildi. Izolyatsiyaning yettinchi kuni olingan PZR-test manfiy natija bergan holatda karantin muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin.
Shuningdek, hozirda Turkiyada haftaning dam olish kunlari qisman komendantlik soati joriy qilingan bo’lib, ijtimoiy masofa saqlanishini ta’minlash va COVID-19 infeksiyasining ommaviy tarqalishini oldini olish uchun jamiyat hayotida alohida jadval asosida boshqa turli cheklovlarning ham qo‘llanilayotganligini hisobga olish lozim.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston Elchixonasi Turkiyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizdan ushbu cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘ligiga e’tiborli bo‘lish hamda Turkiya Respublikasi rasmiy idoralarining aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablariga amal qilishga chaqiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Elchixonasi
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi