O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari Qoraqalpog‘iston sayyohlik salohiyati bilan tanishib, respublikaga sayyohlik oqimini ko‘paytirish istiqbollarini muhokama qildi
2020-12-25 | Turizm
O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari Qoraqalpog‘istonning tarixiy va madaniy obyektlari bilan tanishib, sarmoyaviy va boshqa mazmundagi takliflarni ishlab chiqish uchun turizm sohasidagi imkoniyatlar va sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini o‘rganmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Belgiyadagi elchi Dilyor Hakimov va Turkmanistondagi elchi Akmaljon Qo‘chqorov Qorao‘zak tumanidagi “Sulton Uvays Bobo” tarixiy majmuasida bo‘lib, mintaqaning turistik salohiyati, jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdi.
Buyuk Britaniyadagi elchi Said Rustamov Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining madaniy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Gulbahor Izentayeva va O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbоtson o‘rtasida onlayn-muzokaralar tashkil etdi. Tomonlar Buyuk Britaniyada Qoraqalpog‘iston muzeylarini targ‘ib qilish va ushbu mamlakatdan sayyohlar oqimini faollashtirishdagi hamkorlik istiqbollari xususida so‘z yuritdi.
***
Isroildagi elchi Feruza Mahmudova Nukusda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mintaqaviy boshqarmasi va turistik firmalar rahbarlari bilan Orol dengizi sohilidagi sayyohlik lagerini Isroil kompaniyalari bilan hamkorlikda ichimlik suvi bilan taʼminlash, ommaviy axborot vositalarida axborot materiallari eʼlon qilish, jurnalistlar uchun axborot turlari tashkil etish, Qoraqalpog‘iston haqida onlayn shakldagi sayohat taqdimotlarini uyushtirish va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Hindistondagi elchi Dilshod Ahatov va Malayziyadagi elchi Ravshan Usmonov Qoraqalpog‘iston sayyohlik salohiyatini o‘rganish doirasida “Sulton Uvays Bobo” majmuasida bo‘ldi. Majmua hududida tuman hokimi bilan uchrashuvda ushbu obyekt infratuzilmasini yana-da rivojlantirish imkoniyatlari, shu jumladan xorijiy mablag‘larni jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu majmuani “ziyorat turizmi” yo‘nalishida faoliyat yuritadigan turoperatorlarning sayyohlik dasturlariga kiritish, shuningdek, Hindiston, Bangladesh va Malayziya musulmon aholisi orasida ushbu majmua haqidagi maʼlumotlarni keng targ‘ib qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Latviyadagi elchi Qadamboy Sultonov “CleanTech Latvia” kompaniyasi rahbari bilan grant yordami loyihasini birgalikda ishlab chiqish to‘g‘risida muzokara o‘tkazdi.
Tomonlar, shuningdek, Latviya ommaviy axborot vositalarida Qoraqalpog‘istonning Mizdakxon majmuasi va boshqa diqqatga sazovor joylari tarixiga oid mahalliy ekspertlarning materiallari asosida respublika sayyohlik salohiyati to‘g‘risida qator maqolalar chop etishni tashkil qilish masalasiga eʼtibor qaratdi.
***
Fransiyadagi elchi Sardor Rustamboyev Mo‘ynoq tumanida “ACTED” ilmiy-tadqiqot birlashmasi (Fransiya) va “Tazabay Grand Service” mahalliy kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Tadbir diqqat markazida fransuz tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasida ekoturizmni rivojlantirish loyihasi doirasida Orol dengizi bo‘yidagi sayyohlik uylarida qayta tiklanadigan energiya manbalarini o‘rnatish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish masalalari turdi.
***
YUNESKOdagi doimiy vakil Umid Shodiyev va Qoraqalpog‘iston madaniyat vaziri Qalbay Turdiyev respublikaning tarixiy joylarini YUNESKO Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlash to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning nomoddiy madaniy merosi namunalarini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish imkoniyatlari o‘rganildi.
Tomonlar I.Saviskiy muzeyini YUNESKO huzuridagi Xalqaro muzeylar ittifoqiga aʼzo bo‘lish masalasini muhokama qildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi