O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi
2020-12-23 | Fan
Atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Mirhoji Asqarov shu yil 19-dekabr kuni 89 yoshida vafot etdi.
M.Asqarov 1931-yil 30-aprelda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1953-yili Moskva kimyo-texnologiya institutini tamomlab, ushbu institutning aspiranturasida tahsil oldi.
Mehnat faoliyati davomida ilmiy izlanishlarni izchil davom ettirib, 1957-yilda nomzodlik, 1967-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
Iste’dodli olim qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) katta o‘qituvchisi, Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Kimyo instituti direktori, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti kafedra mudiri, professori kabi lavozimlarda samarali mehnat qildi.
Akademik M.Asqarov o‘zining butun hayotini mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirishga bag‘ishlagan fidoyi inson edi.
Zahmatkash olimning ko‘plab ilmiy ishlanma va tadqiqotlari bugungi kunda ham respublikamiz kimyo sanoati sohasida keng qo‘llanib, iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yuqori molekulyar birikmalar kimyosi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 600 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng e’tirof etilgan.
Jonkuyar ustoz ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berib, o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlarini tayyorladi.
Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Mirhoji Asqarovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yo‘ldoshev
Manba: O'zA