O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston Respublikasi va YuNIDO Qo'shma Deklaratsiyani imzoladilar
2020-12-22 | Iqtisodiyot
Toshkent, 2020-yil 22-dekabr - O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo'chqorov va Birlashgan Millatlar Tashkilotining sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO) Bosh Direktori Li Yong to’rt yillik (2020-2024 yy.) dastlabki muddatga hamkorlik Qo'shma Deklaratsiyasini imzoladilar.
Qo'shma Deklaratsiya O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi va YuNIDOni turli sohalarda, jumladan yashil sanoat, aylanma iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiya samaradorligi, agrosanoat klasterlari, yengil sanoatni modernizatsiya qilish va boshqa o'zaro kelishilgan harakat yo'nalishlari bo'yicha hamkorlikni rivojlantirishga chorlaydi, bu esa o’z navbatida inklyuziv va barqaror sanoat rivojlanishiga hamda 2030-yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishga hissa qo’shadi.
Qo'shma deklaratsiya "2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatni rivojlantirish strategiyasi"ni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Qo'shma Deklaratsiyani amalda tadbiq etish bo’yicha aniq chora-tadbirlarni o’z ichiga oluvchi “Yo'l Xaritasi” mavjud.
COVID-19 pandemiyasi va safar cheklovlari tufayli Qo'shma Deklaratsiya tomonlar oʻrtasida yozishmalar orqali almashildi.
O'zbekiston-YuNIDO hamkorligi 27 yildan ortiq davom etmoqda va bugungi kunda milliy investitsiyalarni targ'ib qilish, barqaror ish bilan ta'minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportga yo'naltirilgan savdo, ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish, biznes-inkubatorlar va korxonalarni rivojlantirish bo'yicha texnik ko’mak va tavsiyalarga bag'ishlangan 15 ta loyihani o'z ichiga oladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi