O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Samarqandda uzluksiz taʼlimda uzviylikni taʼminlash boʻyicha oʻquv-seminari tashkil etildi

2020-12-22 | Ta’lim

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi hamkorligida maktabgacha, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim oʻquv dasturlari va fanlarning uzluksizligini va uzviyligini taʼminlash boʻyicha oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori hamda uzluksiz taʼlim tizimida fan dasturlari uzviyligini takomillashtirishga bagʻishlangan tadbirda Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari va Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi rahbarlari, SamDU va SamDCHTI professor-oʻqituvchilari, maktablarning oʻqituvchilari hamda metodistlar ishtirok etdi.

Seminarda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Qoʻysinov Prezident qarorida belgilangan dolzarb vazifalar, maktabgacha, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim oʻquv dasturlari va fanlarning uzluksizligini va uzviyligini taʼminlashdagi muammolarga toʻxtalib  oʻtar ekan, uzluksiz taʼlimda uzviylikni amalga oshirish yoʻllari, uzviylikni taʼminlash bosqichlari boʻyicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi taʼlim inspeksiyasi bosh boshqarma boshligʻi Abdurahim Nosirov, inspeksiyaning Samarqand viloyat boʻlimi boshligʻi Gʻayrat Boboxolov, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi Metodik xizmat boʻlimi boshligʻi Nizomiddin Odilov va boshqalar mavzu yuzasidan soʻz yuritishdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4884-sonli qarori ilovasining 4-bandiga koʻra “Maktabgacha, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim oʻquv dasturlari va fanlarning uzluksizligini taʼminlash” vazifasi belgilangan.

Ushbu topshiriq ijrosiga binoan ishchi guruh aʼzolari tomonidan uzluksiz taʼlim tizimi uchun 21 ta fan boʻyicha konsepsiyalar ishlab chiqilib, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi portaliga (http: //www. uzviylik.tdi.uz) joylashtirilgan. Barcha fanlardan mavzular uzviyligi, takroriyligi nuqtayi nazaridan qiyosiy jadvallar tayyorlangan. Jarayonda mavzular takrorlanishi, ayrim mavzularni taʼlim bosqichining biridan boshqasiga oʻtkazish, ayrim fanlardan uzluksiz taʼlim konsepsiyalarining oliy taʼlim qismi ishlab chiqilmaganligi kabi muammolar aniqlangan.

Ushbu fanlar qatorida fizika fanidan takrorlangan mavzular soni 15 tani, uzviyligi taʼminlanmagan mavzular soni 19 tani, nazariy mashgʻulot turidan amaliy mashgʻulot turiga oʻtkazilishi taklif etilayotgan mavzular soni 9 tani, qisqartirishga taklif etilayotganlari 1 tani, yangi kiritishga yoki takomillashtirishga taklif etilayotgan mavzular soni 47 tani, xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS,TIMMS ) boʻyicha kiritiladigan mavzular soni 54 tani va boshqa taʼlim turiga oʻtkazilgan mavzular soni 35 tani tashkil etgan.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan birgalikda mutaxassislar tomonidan barcha fanlardan har bir taʼlim turi uchun alohida va oʻzaro uzviyligi taʼminlangan oʻquv dasturlari loyihalari tayyorlangan.

Uzluksiz taʼlim tizimida fizika fani boʻyicha taʼlim sifatini tubdan oshirish, oʻquv dasturlarini yangilash, taʼlim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa oʻquv jihozlari bilan taʼminlash, kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanishda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari oʻrtasida oʻzaro yaqin muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi bir qator vazifalar belgilab berilgan. Muammolardan biri uzluksiz taʼlim tizimining barcha bosqichlarida fizika fanining oʻqitilishi, uning mazmuni, hajmi, metodikasi, darslik va adabiyotlar bilan bogʻliq masalalar ekanligi, ushbu yangilanayotgan oʻquv dasturlari yangi darsliklar uchun asos boʻlishi, bu borada xatolikka yoʻl qoʻyilsa, uning salbiy oqibatlari koʻp yillar davom etishi mumkinligi taʼkidlab oʻtildi.

Fizika fanining uzluksiz taʼlim tizimida bir maqsad asosida, uzviy vazifalardan kelib chiqqan holda, yuqori saviyada oʻqitilishi bugungi kundagi mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishi, xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishi bilan bogʻliq muammolarga yechim boʻlishi qayd etildi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda fizika fanidan viloyatdagi   maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, kasb-hunar maktabi, akademik litsey va oliy taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlari va konsepsiyasini olimlar, metodistlar va amaliyotchi oʻqituvchilardan ishchi guruh tuzgan holda chuqur oʻrganib, uzviylik va uzluksizlik nuqtayi nazaridan ham tahlil qilish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Поделиться