Konfessiyalar ishlari kengashida O‘zbekistonning bag‘rikeng diyor sifatida namuna ekani e'tirof etildi
So‘nggi yillarda yurtimizda vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik borasida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun, 21-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining navbatdagi uchrashuvida ana shu muhim jihatlar haqida alohida ta'kidlab o‘tildi.
Tadbirda turli konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik aloqalarini yanada yaxshilash, konfessiya vakillari tomonidan tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, aholi o‘rtasida bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar, xususan, O‘zbekistonning AQSh Davlat Departamenti tomonidan maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilgani keng muhokama qilindi. Bu kabi yutuq va e'tiroflar diniy sohada olib borilayotgan oqilona siyosatning yorqin natijasi ekani ham alohida ta'kidlandi. O‘z navbatida, Konfessiya vakillari tomonidan O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni butun dunyoga targ‘ib qilish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, yig‘ilishda murakkab pandemiya davrida ham turli diniy konfessiya vakillari o‘zaro hamjihatlikda faoliyat olib borganlari, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish yo‘lidagi munosib faoliyatlari ham alohida qayd etildi.
Darhaqiqat bu kabi uchrashuvlar yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma'rifiy sohadagi yangilik va o‘zgarishlar borasida fikr almashish, diniy bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish, hamjihatlik va hamkorlikda faoliyat olib borish uchun katta ahamiyat kasb etadi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir yakunida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan barcha konfessiyalar vakillariga esdalik sovg‘alari, faxriy yorliqlar topshirildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita