O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Moskvada ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
2020-12-21 | Siyosat
2020-yil 21-dekabrda mamlakatimizning Rossiyadagi Elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovga xorijiy davlatlarning qarorgohi Moskvada joylashgan Favqulodda va Muxtor elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriga Nukpo Kleman Kiki (Benin Respublikasi), Greym Mixan (Avstraliya), Andreas Zinonos (Kipr Respublikasi), Ngo Dik Man (Vetnam Sotsialistik Respublikasi), Brayan MakEldaff (Irlandiya Respublikasi), Klemens Kashuupulva (Namibiya Respublikasi), Yekaterina Nassika (Gretsiya Respublikasi), Si'alei Allegra van Tur (Yangi Zelandiya), Atanas Kristin (Bolgariya Respublikasi), Eytvidas Bayarunas (Litva Respublikasi), Migaxalande Durage Lamavans (Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi) va Mark Mixilsen (Belgiya Qirolligi) ishonch yorliqlarini topshirdilar.
Tadbirda so‘zlagan nutqida A.Kamilov elchilarni samimiy qutlab, ularning yuksak mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi xorijiy sheriklar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishda katta yutuqlarga erishmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat dunyoning barcha davlatlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan konstruktiv va sermahsul munosabatlarni mustahkamlash imkonini berdi.
Tadbir doirasida elchilari ishonch yorliqlarini topshirgan mamlakatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashinildi. Siyosiy muloqot hamda savdo, investitsiyalar, moliya va turizm sohalaridagi amaliy hamkorlikni jadallashtirish, sanoatning turli jabhalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi