O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish masalalari tanqidiy muhokama qilindi
2020-12-21 | Ta’lim
Joriy yilning 14-17-dekabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi nizomi ijrosi hamda “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini 2020-yilda attestatsiyadan oʻtkazish rejasi”ning bajarilishi yuzasidan muhokama yigʻilishlari oʻtkazildi.
Yigʻilishda joriy yilning noyabr, dekabr oylarida ichki va tashqi baholash jarayonlarini tashkil etishda hamda Taʼlim inspeksiyasining ONAKS elektron pdatformasiga baholash natijalarini joylashtirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlari hududiy boʻlimlari, Maktabgacha taʼlim boshqarmalari hamda tuman, shahar Maktabgacha taʼlim boʻlimlari mutasaddi xodimlari ishtirok etishdi.
Yigʻilishda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ichki va tashqi baholash jarayonlarining yetarli darajada tashkil etilmayotganligi tanqid qilindi. Xususan, shu kunga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi tomonidan rejadagi 22 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan 14 tasining hujjatlari elektron platformasiga joylashtirilmagan boʻlsa, Andijon viloyatida 10 tadan 4 ta, Qashqadaryo viloyatida 15 tadan 14 ta, Namangan viloyatida 41 tadan 37 ta, Samarqand viloyatida 43 tadan 28 ta, Toshkent viloyatida 12 tadan 6 ta va Fargʻona viloyatida 47 tadan 44 tasining hujjatlari joylashtirilmagan.
Shuningdek, mazkur viloyatlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlarda bir qator kamchiliklar ham mavjud. Xususan, attestatsiya jarayonida aniqlangan kamchiliklar yoʻl xaritalariga qayd etilmagan, yoʻl xaritalari sifatsiz shakllantirilgan, taʼlim tashkilotlarini baholashda mezon talablariga rioya etilmagan hamda ayrim hujjatlar tasdiqlanmagan holda taqdim etilgan.
Yigʻilish yakunida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida mazkur kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish hamda tegishli maʼlumotlarni Taʼlim inspeksiyasiga taqdim etish yuzasidan aniq vazifalar va muddatlar belgilandi.