O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Respublikasing xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan yig‘ilish
2020-12-20 | Siyosat
2020-yil 19-dekabrda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov joriy yili tashqi siyosiy faoliyat va iqtisodiy diplomatiyaning ustuvor yo‘nalishlarida olib borilgan ishlar hamda kirib kelayotgan 2021-yilga rejalar bo‘yicha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Vazir o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da va Strategiyani “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha TIV markaziy apparati va chet eldagi vakolatxonalarning faoliyatini batafsil tahlil qildi.
Qayd etilganidek, koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq murakkab vaziyatda ham xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy faoliyatnig ijobiy o‘sish sur’atlari saqlab qolindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashriflari, qator xorij davlatlari rahbarlari bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar va xalqaro tashkilotlarning yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi xalqaro tashabbuslarini ilgari surish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” izchil amalga oshirilmoqda.
Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida hamkorlik muntazam rivojlanmoqda. O‘zbekistonning joriy yili MDHdagi raisligi ijobiy natijalar bilan yakunlangani ham ta’kidlandi.
Afg‘onistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, afg‘onlararo muzokaralarni o‘tkazishga yordam berish va ushbu mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha faol ishlar davom ettirildi.
Koronavirus pandemiyasi davom etayotgan va dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan cheklov chorlari joriy qilingan sharoitda xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, sanoatning turli jabhalarida qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, hamkorlikning yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishga alohida e’tibor qaratildi.
Xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, vatandoshlar bilan rishtalarni mustahkamlash va kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. TIV tomonidan boshqa vazirlik va idoralar hamda xorijiy sheriklar bilan birgalikda Vatanimizga 500 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosini qaytarish bo‘yicha ishlar tashkil etildi. Chet elda og‘ir vaziyatda qolgan 60 mingdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga elchixonalar va konsullik muassasalari orqali moliyaviy mablag‘lar, yashash joyi va oziq-ovqat bilan ta’minlash shaklida beg‘araz yordam ko‘rsatildi.
Yig‘ilish yakunida markaziy apparat va xorijdagi vakolatxonalarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqaro tashabbuslarini dunyo maydonida jadal ilgari surish, uzoq va yaqindagi davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, xalqao va mintaqaviy institutlar bilan konstruktiv sheriklikni jadallashtirish, faol iqtisodiy diplomatiyani amalga oshirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish bo‘yicha hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda aniq vazifalar belgilab berildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi