Yengilmas bokschilarimiz haqida taniqli kinorejissyor Janik Fayzyiev ishtirokida fil'm suratga olinadi
O‘zbek bokschilarining olamshumul muvaffaqiyatlari, yutuqlari haqida ko‘p gapirdik, she'rlar bitdik, suratlar chizdik. Endi qahramonlarimiz haqida motivasion fil'mlar suratga olish navbati keldi.
Ayni paytda “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlarida qahramonlik ko‘rsatgan bokschilarimiz haqida “Engilmas” (ishchi nomi) nomli kinofil'mini tasvirga olish ustida ish olib borilmoqda. Fil'mning ssenariy va syujetlarini boyitish, tajribali mutaxassislarning fikrini o‘rganish maqsadida hozirda Rossiyada faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz, rejissyor va prodyuser Jahongir (Djanik) Fayziyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. MOQda o‘tkazilgan ushbu tadbirda Qo‘mita raisi Rustam Shoabdurahmonov, Bosh kotib Oybek Kasimov, “O‘zbekkino” MA direktori Firdavs Abduxalikov, Rossiyaning «KIT» kinostudiyasi bosh direktori, rejissyor va prodyuser Jahongir Fayziev hamda bo‘lajak kino ustida ish olib borayotgan ijodkorlar ishtirok etishdi.
“Sizni yurtimizda yana bir bor ko‘rib turganimizdan mamnunmiz. Sizning aktyorlik paytdagi rollaringizni juda yaxshi eslaymiz. Qolaversa, hamyurtimizning xorijda madaniy-ma'rifiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotgani bizga g‘urur bag‘ishlaydi. Muhtaram yurtboshimiz boshchiligida olib borilayotgan sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini hamkorlikda davom ettirish biz uchun sharaf. Yaqinda efirga uzatilishi kutilayotgan “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialidan so‘ng sportga oid yuqori saviyadagi fil'mni xalqimizga taqdim qilish ayni muddao bo‘lar edi”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
O‘z navbatida Jahongir Fayziyev ham bu boradagi fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Har ikkimizning maqsadimiz bir. Siz insonda sog‘lom tana, biz esa sog‘lom ruh bo‘lishini istaymiz. Hozir butun dunyoda sport sohasidagi fil'mlarni suratga olish urfga kirib bormoqda. Boisi bunday targ‘ibot o‘zining samarasini berib kelmoqda. Bizning har sohada boy tariximiz bor. Yoshlik paytimizda ham Rufat Risqievning g‘alabalarini yaxshi eslaymiz. Hozir ham o‘zbek bokschilarining dovrug‘i dunyoga mashhur. Endi buni xalqimiz uchun yetkazib berishimiz lozim”, – dedi Jahongir Fayzyiev.
Suhbat davomida Firdavs Abduxalikov va boshqa mutasaddilar bo‘lajak kino haqida o‘z fikr va takliflarini aytib o‘tishdi. Yakunda tomonlar o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishib, tez orada bu boradagi navbatdagi qadamni tashlashga kelishib olishdi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi