O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Oliy taʼlimni rivojlantirish istiqbollari” Erasmus+ dasturining yillik konferensiyasi oʻtkazildi
2020-12-16 | Ta’lim
Joriy yilning 15-dekabr kuni Erasmus+ dasturi Milliy va xalqaro ekspertlar guruhi aʼzolari ishtirokida Oʻzbekistonda “Oliy taʼlimni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida konferensiya oʻtkazildi. Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi vakillari, oliy oʻquv yurtlar xodimlari va professor-oʻqituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev soʻnggi yillarda taʼlim tizimini isloh qilish davlat siyosatida hal qiluvchi va dolzarb masalalardan biriga aylanib borayotganini taʼkidlar ekan, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
– Oʻzbekistonda taʼlim tizimini modernizatsiyalashning asosi taʼlim tizimining mohiyatini oʻzgartirish, rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribalari, yangi uslublar, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni oʻrganish va qoʻllash asosida rivojlantirish hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, oliy oʻquv yurtlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarining samaradorligini oshirish, shuningdek, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish, taʼlim — fan va ishlab chiqarishni birlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator muhim ishlar olib borilmoqda.
Dunyoning yetakchi mamlakatlari hamda nufuzli reyting agentliklari tajribasi asosida oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingini aniqlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, mazkur tizimni yana-da takomillashtirish maqsadida THE, QS kabi reyting agentliklari bilan yaqindan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Joriy yilda oliy taʼlim muassasalarining milliy reytingi 3-marta eʼlon qilingan boʻlsa, shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardimki, oʻtgan yillar davomida oliy taʼlim muassasalarining faoliyat koʻrsatkichlarida oʻsish dinamikasi koʻzga tashlanmoqda, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev oʻz nutqida.
Shuningdek, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi taʼlim tizimida pedagog kadrlar malakasini oshirish, sohaga taʼlim tizimi ilgʻor mamlakatlar tajribasini joriy etish masalalariga toʻxtalar ekan, “Erasmus+ koʻmagi bilan mamlakatimizda oʻqituvchilarni tayyorlash tizimini xalqaro talablar darajasida takomillashtirilishi va oʻzbekistonlik oʻqituvchilar va talabalarning almashinuv dasturlari orqali Finlyandiya tajribasini oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlishlari mumkinligini taʼkidladi.
Shu bilan birgalikda, Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi mahalliy oliy taʼlim muassasalarining xalqaro miqyosda tan olinishi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtar ekan, oliy taʼlimni tizimli isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, tizim oldida turgan ilgʻor taʼlim texnologiyalari asosida ijtimoiy soha va iqtisodiy sohalarni rivojlantirishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan quyidagi vazifalarni ham sanab oʻtdi:
oliy taʼlim sohasida davlat-xususiy sherikligini joriy etish va rivojlantirish, davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarini tashkil etish asosida oliy oʻquv yurtlariga qabul darajasini oshirish, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish;
Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetining mamlakat oliy oʻquv yurtlarining flagmanlari sifatida shakllanishini taʼminlash;
oliy taʼlim muassasalarining oʻquv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga oʻtkazish;
pedagog kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, zamonaviy oʻqitish usullarini qoʻllashga qaratilgan oʻquv dasturlarini tubdan qayta koʻrib chiqish;
oliy taʼlim tizimiga sohadagi ilgʻor standartlarni joriy etish, xususan, oʻquv dasturlarini nazariy bilimlarga asoslangan taʼlimdan xalqaro tajriba asosida amaliy koʻnikmalarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazish;
oliy taʼlim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, rivojlangan kasbiy standartlar asosida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yaratish;
taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish uchun xalqaro ekspertlarni jalb qilish;
oliy taʼlim muassasalarining akademik mustaqilligini taʼminlash;
taʼlim, fan, innovatsiya va oliy taʼlim muassasalaridagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlovchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
tegishli tarmoqlar va yoʻnalishlarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, pullik xizmatlar koʻlamini va boshqa byudjetdan tashqari fondlarni kengaytirish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni prognoz qilish va tadqiq qilish uchun ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga yetkazish orqali texnoparklar, forsayt markazlari, transfer texnologiyalar markazlari, startaplar va akseleratorlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
yuqori impakt faktorli nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda professor-oʻqituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, doktorantlar, talabalar va aspirantlarning maqolalarini nashr etilishini taʼminlash, maqolalarning keltirilgan koʻrsatkichlarini oshirish, shuningdek respublika ilmiy jurnallarini xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritish;
Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro taʼlim dasturlarini amalga oshirish markaziga aylantirish;
oliy taʼlim tizimining investitsion jozibadorligini oshirish, sohaga xorijiy taʼlim va ilmiy texnologiyalarni jalb qilish;
oliy taʼlim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablagʻlarini keng jalb qilish orqali oliy taʼlim muassasalarini oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtkazish va ularning moliyaviy barqarorligini taʼminlash;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholini uchun infratuzilmani yaxshilash orqali ularni oliy taʼlimga qamrab olish darajasini oshirish va boshqalar.
– Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish uchun biz Yevropa Ittifoqi universitetlari bilan hamkorlikni yana-da takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratamiz. Shuningdek, Oʻzbekistonda taʼlim sohasidagi islohotlarni samarali amalga oshirishda xalqaro ekspertlarning tajribasi hamda Erasmus+ning koʻmagi bunda muhim oʻrin tutishiga umid qilib qolamiz, – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.
Tadbir davomida, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Fransua Bejo Oʻzbekistonda oliy taʼlim tiziminining bugungi kundagi holati borasida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashib, sohani yana-da yaxshilash boʻyicha oʻz tavsiyalarini bildirib oʻtdi.
Shu bilan birgalikda, tajribali ekspertlar tomonidan Erasmus+ dasturining Oʻzbekistondagi faoliyati, Oʻzbekiston oliy taʼlim sohasida kredit tizimiga oʻtish, oliy taʼlim tizimini raqamli avlodga moslashtirish, masofaviy taʼlim jarayonida xorijiy tajribalardan foydalanish, Yevropa oliy taʼlim tizimining keyingi rivojlanish bosqichlari, pandemiya davrida universitetda taʼlim berish kabi masalalar boʻyicha ham maʼruzalar qilindi.
Konferensiya yakunida “Oliy taʼlim tizimini rivojlantirish istiqbollari” jurnalining yangi soni taqdimoti oʻtkazilib, ekspertlar tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.