O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda «O‘zbekiston madaniy merosi — yangi Renessans poydevori» haftaligi o‘tkaziladi
2020-12-13 | Madaniyat
Joriy yil 15-18-dekabr kunlari Toshkentda anʼanaviy «O‘zbekiston madaniy merosi — yangi Renessans poydevori» madaniy merosi haftaligi o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Haftalikning ilk kunida «O‘zbekiston madaniy merosi — yangi Renessans poydevori» mavzusida IV xalqaro kongress bo‘lib o‘tadi. Anjumanda rasmiy doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 300 dan ortiq taniqli xorijiy olimlar, shuningdek, mingga yaqin milliy ishtirokchilar qatnashadi.
Xalqaro kongressning ikkinchi kuni xorijiy olimlarning O‘zbekiston madaniy merosining qadr-qimmatiga bag‘ishgan maʼruzalari va loyiha faoliyatining natijalari hamda istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlari o‘tkaziladi.
Mashhur sharqshunos olimlar o‘zbek zaminining tarixi va jahon sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy va madaniy merosi, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik muhitini yaratishdagi o‘rni haqidagi ko‘p yillik izlanishlarining taʼsirchan natijalari bilan o‘rtoqlashadi.
Haftalik doirasida, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha 2025-yilgacha amalga oshiriladigan ishlarning «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatimiz muzey va kutubxonalariga «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» loyihasi kitob-albomlari va noyob qo‘lyozmalarning faksimillariga sertifikatlar topshirish marosimi, 35 ta noyob kitob-albomning taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Kitoblar O‘zbekistondagi turli davrlarga oid va dunyoning turli muzey va shaxsiy kolleksiyalarida joylashgan.
Haftalikning uchinchi kuni kino va tarixiy fotosuratlar mavzusiga bag‘ishlanadi. Unda «O‘zbekiston kinematografiyasi: o‘tmish va kelajak o‘rtasida muloqot» mavzusida kino va tarixiy fotografiyaning rivojlanishga bag‘ishlangan tadbirlar hamda sessiyalar o‘rin olgan. Jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi kinoshunoslari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, O‘zbekiston kinematografiyasi tarixi uchun muhim bo‘lgan Rossiya filmlar fondidan o‘rin olgan animatsion filmlar va o‘zbek kinosi oltin to‘plamining oltita namunasini O‘zbekistonga qaytarish marosimi o‘rin olgan.
O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi kun tartibida yosh avlod o‘rtasida madaniyat va fanni ommalashtirish qaratilgan «Yangi avlod — Yangi Renessans» mavzusida yoshlar forumini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Mazkur anjuman doirasida yosh avlod vakillari mamlakatimiz madaniyati va sanʼati sohasidagi yutuqlar bilan tanishi mumkin. Multimedia “bazalari”, tarixiy rasmlarni jonlantiruvchi tarixiy kartinalar bilan 3D-installyatsiyalar, tarixiy filmlar va kitoblardagi sahnalarning rekonstruksiyalari, hunarmandlar burchagi, o‘zbek milliy raqslari mahorat darslari tashkil etiladi. Shuningdek, «Nima? Qachon Qayerda?» ekspertlar jamoasining mamlakatimiz tarixi mavzusiga bag‘ishlangan viktorina o‘yini rejalashtirilgan.
O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi mehmonlar va ishtirokchilar uchun ko‘plab syurprizlarni tayyorlamoqda. Mamlakat kinoteatrlarida premyeralar va mahalliy moda dizaynerlari namoyishlari shular jumlasidandir.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi