O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2020-12-10 | MDH
2020-yil 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi raisligi doirasida tuzilmaga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov raislik qildi.
Majlisda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari hamda Ijroiya qo‘mita raisi – MDH Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, qator tashkiliy masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov tadbirda so‘zlagan nutqida O‘zbekiston Respublikasining MDHdagi raisligi doirasida erishilgan ijobiy natijalarga to‘xtaldi. Rejalashtirilgan deyarli barcha tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, a’zo davlatlar hamkorligi va Tashkilot rivojlanishining yangi yo‘nalishlarini belgilab beradigan hujjatlarning imzolangani ta’kidlandi. Bu borada MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi yangilangani, Hamdo‘stlikning 2030-yilgacha Iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi hamda harbiy va chegara hamkorligi, innovasiyalar, transport, madaniyat, sport, turizm hamda yoshlar bo‘yicha 9 ta dasturiy hujjatning qabul qilingani alohida qayd etildi.
Yig‘ilish qatnashchilari e'tiboriga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusining ahamiyati haqida ma'lumotlar taqdim etildi. Mazkur taklif inqirozlarga kollektiv javob qaytarish bo‘yicha ishonchli tizim yaratish uchun konseptual va huquqiy asos yaratishi mumkinligi ta'kidlandi.
Qayd etilganidek, dunyoda pandemiya va boshqa umumbashariy tahdidlar bilan bog‘liq jarayonlar kechayotgan davrda Hamdo‘stlikka a'zo davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida va ular o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Yig‘ilish yakunida hamkorlikning turli sohalarida 12 ta qaror va hujjatlar qabul qilindi. Xususan, MDH doirasida 2021-yilda Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi ko‘p bosqichli maslahatlashuvlar rejasi tasdiqlandi, MDH Ijroiya qo‘mitasidagi kvotali lavozimlarni kelasi uch yil uchun a'zo davlatlar o‘rtasida taqsimlanishi kelishib olindi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.
MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2021-yilning aprel oyida Rossiya Federatsiyasida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi