O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘psherikli trast jamg‘armasi Maslahat qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2020-12-02 | Ekologiya

Joriy yilning 1-dekabr kuni BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘psherikli trast jamg‘armasi (IXKShTJ) Maslahat qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijiy davlatlar, shuningdek ularning O‘zbekistondagi diplomatik missiyalari, BMT agentliklari, O‘zbekiston Respublikasining vazirlik va idoralar, xalqaro moliya institutlari, nodavlat tashkilotlar, shuningdek, 30 dan ortiq mamlakatlardan fuqarolik jamiyati institutlarining 120dan ortiq vakillari ishtirok etdilar.
 
Qo‘mita yig‘ilishi IXKShTJning Texnik kotibiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
 
Orolbo‘yi mintaqasida kredit va grant loyihalarini amalga oshiruvchi yoki ko‘rib chiquvchi barcha donor va manfaatdor tomonlarni o‘z ichiga olgan Maslahat qo‘mitasi IXKShTJ boshqaruv tuzilmasining rasmiy qismi hisoblanadi va samarali strategik muloqot, birgalikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish va Jamg‘arma faoliyatining operasion, dasturiy va moliyaviy jihatlarini muvofiqlashtirish uchun yagona integratsiyalashgan hamkor platforma  vazifasini bajaradi. Bundan tashqari, Qo‘mita vazifalariga donorlik mablag‘larining samarali taqsimlanishini ta'minlash va sinergetik ta'sirni ta'minlash orqali: “Orolbo‘yi - ekologik innovasiyalar va texnologiyalar zonasi” konsepsiyasini amalga oshirish kiradi.
 
BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori va IXKShTJ Boshqaruv qo‘mitasi hamraisi X.Freyzer yig‘ilishni ochar ekan, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti ikki tomonlama sheriklar, xalqaro moliya institutlari va boshqa rivojlanish bo‘yicha sheriklar barqaror rivojlanish yo‘lida kuchlarni birlashtirishga sodiq ekanligini ta'kidladi. Ushbu yo‘l O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining dalillarga asoslangan Orolbo‘yi mintaqasida barqaror rivojlanish uchun investitsiyalarga tizimli yondashuvni qo‘llab-quvvatlash haqidagi qarashlariga to‘g‘ri keladi” deya e'tirof etdi.
 
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ham ishtirok etdi va o‘z nutqida BMT, xalqaro taraqqiyot agentliklari, donor mamlakatlar va moliya institutlariga O‘zbekiston hukumatining taraqqiyot tashabbuslarini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani va xususan, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy – iqtisodiy va ekologik sog‘lomlashtirish jarayonida yordam ko‘rsatayotgani uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
 
Shuningdek, ular mintaqada barqarorlikni ta'minlash uchun Respublika hukumati va taraqqiyot hamkorlarining sa'y-harakatlarini birlashtirish hamda hamkorlikning turli jihatlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi faoliyatni takomillashtirish uchun inklyuziv, shaffof va samarali mexanizmni qo‘llash zarurligini ta'kidladilar.
 
Mazkur maqsadlarga erishish uchun Maslahat qo‘mitasi a'zolari ishtirokida texnik darajadagi ishchi guruhlarni tashkil etish taklif etildi. Ma'lumotlar va baholash bo‘yicha birinchi ishchi guruh investitsiyalar va loyihalar portfelini tahlil qilish uchun ma'lumotlarni yig‘ish va taqdim etish bilan shug‘ullanadi. Barqaror investitsiyalar bo‘yicha ikkinchi ishchi guruh Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha tizimli, innovasion yondashuvni amalga oshiradi va bunda O‘zbekistondagi barqaror rivojlanish va kambag‘allikni kamaytirish strategiyalariga hamda boshqa milliy va mintaqaviy rivojlanish ustuvorliklariga tayanadi. Texnik guruh esa Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyat to‘g‘risida xalqaro hamjamiyatni xabardorligini oshirishga, shuningdek tizimli yondashuv va qo‘shma tashabbuslarning natijalarini keng yoritishga hissa qo‘shadi.
 
Uchrashuv davomida Koreya, Yaponiya, Isroil, Buyuk Britaniya va Kuvaytdan kelgan xorijiy missiya va delegasiyalar vakillari BMT bilan hamkorlikda O‘zbekiston hukumati tomonidan Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan barqaror rivojlanish chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamg‘armasi, shuningdek, fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘z ichiga qamrab olgan donorlar jamoasi yoshlar va innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlash sohasida mintaqaning jadal rivojlanishi uchun ko‘ptomonlama sheriklikni mustahkamlashga sodiqligini bildirdi. Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari vakillari mavjud loyihalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va BMT bilan uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini hamda Maslahat qo‘mitasi faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini bildirdi.
 
Tadbir yakunida amalga oshirilayotgan dastur va tashabbuslarni samarali muvofiqlashtirishni ta'minlash, loyihalarning texnik jihatlarini muhokama qilish, joriy maqsad va vazifalarni belgilash va qo‘mita a'zolarining konstruktiv mulohazalarini olish maqsadida Maslahat qo‘mitasining yig‘ilishlarini muntazam ravishda har yili kamida ikki marta o‘tkazishga qaror qilindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться