O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va AQSH tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari telefon orqali muloqot chog‘ida yillik siyosiy maslahatlashuvlar formatini Strategik sheriklik muloqotiga aylantirilganining alohida ahamiyatini taʼkidladi
2020-12-01 | Siyosat
TOSHKENT, 1-dekabr. “Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlat kotibi O‘zbekiston delegatsiyasining 16-20 noyabr kunlari Vashingtonga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarni olqishladi.
Tashrif davomida ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha atroflicha fikr almashilganligi va amaliy ahamiyatga ega kelishuvlarga erishilganligi qayd etildi.
Maykl Pompeo Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, shuningdek Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar dasturini izchil qo‘llab-quvvatlashda sobit ekanligini tasdiqladi.
Davlat departamenti rahbari siyosiy maslahatlashuvlar shakli O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik darajasi va surʼatini aks ettiruvchi Strategik sheriklik muloqotiga o‘zgarganligining muhim ahamiyati haqida alohida taʼkidladi.
AQSH va O‘zbekiston mazkur Muloqot doirasida siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va xavfsizlik sohalarida yana-da yaqinroq hamkorlik qilishga intiladi. Tomonlar O‘zbekistonda olib borilayotgan bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan siyosat va xususiylashtirish jarayonlari mobaynida savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.
Shuningdek, mintaqaviy hamkorlik, “S5+1” formatidagi o‘zaro munosabatlar, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklash va barqarorlikni taʼminlash masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Maykl Pompeo joriy yil 2-3 fevral kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan edi. Muzokaralar davomida so‘nggi yillarda barqaror, tizimli va ishonchli mazmun kasb etgan O‘zbekiston-AQSH ko‘p qirrali munosabatlari jadal rivojlanayotgani qayd etilgandi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi