O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shanxay hamkorlik tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
2020-11-30 | ShHT
TOSHKENT, 30-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining videokonferensaloqa shaklida o‘tgan navbatdagi majlisida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbirlari Muzaffar Komilov va Zafar Yuldashkulov (foto).
Ilk bor Hindiston Respublikasi raisligida o‘tkazilgan ushbu anjumanni mazkur mamlakat vitse-prezidenti Venkaya Naydu boshqardi. Majlisda Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Kesyan, Rossiya Hukumati raisi Mixail Mishustin, Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin, Qirg‘iziston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Artyom Novikov, Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Pokiston tashqi ishlar bo‘yicha federal parlament kotibi Abbos Andlib ishtirok etdi.
Bundan tashqari, sammit ishida SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afg‘oniston birinchi vitse-prezidenti Amrulla Saleh, Eron vitse-prezidenti Isʼhoq Jahongiriy, Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko, Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari Sodbatar Yangugiin, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov hamda SHHT bosh kotibi Vladimir Norov va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Jumaxon G‘iyosov qatnashdi.
Maʼlumki, joriy yil 10-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilot doirasida birgalikdagi saʼy-harakatlarni yana-da jadallashtirishga qaratilgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kuchaytirish, raqamli savodxonlikni rivojlantirish, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorlikni yana-da faollashtirish yuzasidan dolzarb tashabbuslar ilgari surilgan edi.
Bugungi Shanxay hamkorlik tashkiloti hukumat rahbarlari kengashining majlisida O‘zbekiston tomoni ushbu tashabbuslarning amaliy ijrosini taʼminlash yuzasidan ko‘riladigan choralarga to‘xtalib o‘tdi. Davlatimiz rahbari bildirgan takliflarni amalga oshirish SHHT davlatlarining barqaror rivojlanishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
SHHTra aʼzo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida, shu jumladan, pandemiya sharoitida uning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasi va tashkilot faoliyatiga tegishli boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, majlisda SHHT Ishbilarmonlar kengashi va Banklararo birlashmasining hisobоti tinglandi.
Kun tartibidan o‘rin olgan qator hujjatlar qabul qilindi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2021-yil Qozog‘iston raisligida o‘tkaziladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi