Investitsiya va tashqi savdo faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab olindi
28-noyabr kuni Urganch shahridagi studiyadan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi a'zolari, vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari, aksiyadorlik jamiyatlari, tijorat banklari, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari jalb etilgan holda investitsiya va eksportning dolzarb masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Muhokama qilish chog‘ida vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining sanoat va hududlar kesimida investitsiya va eksport faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobotlari tinglandi.
Tadbirkor va eksportchilar bugungi kunda mavjud investisiya va eksport salohiyatidan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator tizimli va xususiy tusga ega muammolarga duch kelayotgani aniqlandi. Ishbilarmonlarni samarali qo‘llab-quvvatlash tadbirlari amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida korxonalarga chiqqan holda tadbirkor va eksportchilar bilan bevosita ishlash zarurligi ta'kidlandi. Shu munosabat bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda tijorat banklarining xodimlarini hududlarga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ularning vazifalari etib tadbirkorlarning mavjud muammolarini aniqlash va ularni tezkor hal etish, shuningdek investisiya loyihalarini amalga oshirish va eksport hajmini ko‘paytirish uchun yangi zaxira va imkoniyatlarni aniqlash belgilandi.
Tadbirda investitsiya va tashqi savdo faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi alohida omillar ham atroflicha o‘rganilib, tegishli rahbarlarga manzilli ko‘rsatmalar berildi.
Xususan, eksportchi korxonalarga gaz va elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishni ta'minlashga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Tadbirda eksportchilarga moliyaviy yordam ko‘rsatishda tijorat banklari yetarli darajada faol emasligi ham qayd etildi - birgina o‘tgan haftada respublika eksportchilarini qo‘llab-quvvatlash shtabiga jami 85 mlrd so‘m miqdorida eksportoldi moliyalashtirish mablag‘larini ajratishda ko‘maklashish uchun 25 ta ariza kelib tushdi. Shu munosabat bilan tijorat banklari rahbarlarining e'tibori tadbirkorlar va eksportchilarni o‘z vaqtida qo‘lab-quvvatlash maqsadida ular bilan faol ishlash zarurligiga qaratildi.
Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga alohida ko‘rsatmalar berildi - ular xorijiy ishbilarmon doiralar bilan yaqindan hamkorlik va tashqi bozorlardagi mavjud vaziyatni chuqur tahlil qilish orqali mahalliy eksport mahsulotlari uchun bo‘lajak investor va mijozlarini jalb etish maqsadida ish olib borishlari kerak bo‘ladi.
Yig‘ilish yakunida investitsiyalarni jalb etish va eksport hajmlarini oshirish uchun mavjud bo‘lgan barcha zaxiralarni safarbar etish zarurligi ta'kidlandi. Videoselektor yig‘ilishi davomida berilgan ko‘rsatmalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining shaxsiy mas'uliyati ham belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi topshiriqlar ijrosining doimiy monitorinini olib boradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi