O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash, ularning urug‘chiligini yo‘lga qo‘yishni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida

2020-11-26 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika hududlarida dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashga doir ilmiy tadqiqotlarning yagona bazasini yaratish, xorijiy davlatlarning ilg‘or ilmiy ishlanmalarini o‘rganib borish, yetakchi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik o‘rnatish hamda zamonaviy texnologiyalar, ilmiy ishlanmalarni respublikaga joriy etish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni kuchaytirish maqsadida:

1. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasining “Shifobaxsh” dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz)ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish
va amalga oshirish;

respublika hududidagi yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar areallarini o‘rganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish;

urug‘lik materiallarini yetishtirish va tayyorlash, ko‘paytirish, kolleksion ko‘chatxonalar tashkil etish hamda ularning xomashyolarini qayta ishlash bilan bog‘liq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish;

dorivor o‘simliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;

tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib, madaniy holda yetishtiriladigan dorivor o‘simliklarning agrotexnologik xaritalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi buyurtmasiga ko‘ra ishlab chiqish;

dorivor o‘simliklar kimyoviy tarkibini o‘rganish, mahsulotini standartlash va sertifikatlash;

dorivor o‘simliklarga bo‘lgan ichki va tashqi bozorlar talabini o‘rganish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish;

dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermer xo‘jaliklari, tashkilotlar va boshqa sub’ektlar rahbarlari va mutaxassislarining malakasini oshirib borishga yo‘naltirilgan dasturlarni tayyorlash va o‘qitish tizimini tashkil etish.

3. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Markazning o‘rmon fondi yerlarida namunaviy plantatsiyalar, laboratoriyalar barpo etish, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tatbiq qilish maqsadida xususiy sektorni jalb etgan holda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ilmiy-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Bunda:

dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari faoliyati bank kreditlari, tashabbuskorlar mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

dorivor o‘simliklarni klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan aniq loyihalar Markaz tomonidan tijorat banklariga taqdim etiladi.

4. Belgilansinki:

Markazga tashqi va ichki bozor talablari hamda marketing natijalaridan kelib chiqib, har yili 1 iyunga qadar dorivor o‘simliklar ekinlarini joylashtirish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligiga va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga takliflar kiritish huquqi beriladi;

dorivor o‘simliklarni to‘plash (g‘amlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berganlik, arizalarni ko‘rib chiqqanlik uchun undirilib, mahalliy byudjetga yo‘naltiriladigan to‘lovlarning 20 foizi Markaz tomonidan tabiiy holda o‘suvchi, shu jumladan, yo‘qolib borayotgan dorivor o‘simliklarni saqlash, xatlovdan o‘tkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik ko‘chatzorlarini tashkil etish, dorivor o‘simliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltiriladi;

Markaz amalga oshirilgan chora-tadbirlar, erishilgan yutuqlar, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni har choraкда taalluqliligiga qarab O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etib boradi.

5. Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markaziga 1-ilovaga muvofiq ro‘yxatdagi muassasalar uslubiy va amaliy yordam berish uchun biriktirilsin.

Bunda, har bir muassasa tabiiy holda o‘suvchi, shu jumladan, yo‘qolib borayotgan dorivor o‘simliklarni saqlash, xatlovdan o‘tkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik maydonlari va ko‘chatzorlarini tashkil etish, dorivor o‘simliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalar ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar va ishlanmalar ishlab chiqish uchun mutaxassislarni biriktiradi.

6. Markaz Fanlar akademiyasi (B.S.Yuldashev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu.Abduraxmanov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) bilan birgalikda:

ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan dorivor o‘simliklarga doir ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirsin, shuningdek, ularning tizimli ravishda yangilab borilishini ta’minlasin;

tibbiyotda va xalq tabobatida faol qo‘llaniladigan dorivor o‘simliklar kolleksiyasi uchastkasi va genbankini tashkil etsin;

Markaz huzurida dorivor o‘simliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etsin. Bunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Markazning aniq hisob-kitoblariga asosan Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida jalb etilgan kredit mablag‘laridan mazkur laboratoriyani tashkil etishga yo‘naltirish choralarini ko‘rsin.

7. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev):

dorivor o‘simliklar sohasi bo‘yicha rivojlangan davlatlarga mutaxassislarni o‘qitish uchun xorijiy stajirovkalar tashkil etish;

dorivor o‘simliklarni yetishtirish va ulardan dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga oid ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish uchun xalqaro moliya institutlarining grantlarini jalb etish;

Fanlar akademiyasi (B.S.Yuldashev) bilan birgalikda dorivor va ziravor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro va respublika bo‘yicha konferensiya hamda simpoziumlarning doimiy ravishda o‘tkazib borilishini ta’minlasin;

“O‘zstandart” agentligi (D.N.Sattarov) bilan birgalikda Markaz huzurida dorivor o‘simliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasini tashkil etish, uni belgilangan tartibda jahon standartlariga javob beradigan akkreditatsiyadan o‘tkazish choralarini ko‘rsin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yilda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha hududiy dasturlarni ishlab chiqib, tasdiqlanishini ta’minlasin.

8. Quyidagilarning:

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligining Nukus, Xo‘jayli, Qorako‘l, Baxmal, Zomin, Kitob, Uzun, Boysun, Burchmulla, Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaliklarini dorivor o‘simliklarni yetishtirishga, Quyi Chirchiq ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligini dorivor o‘simliklar urug‘ va ko‘chatlarini tayyorlashga ixtisoslashtirish;

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Jizzax, Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklarining tegishincha G‘allaorol, Kogon hamda Urgut ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

9. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzuridagi “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy ishlab chiqarish markazi” davlat muassasasi tuzilmasi 2-илоvaга muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki:

Markazning byudjetdan moliyalashtiriladigan 28 nafar boshqaruv xodimlarining shtat birliklari O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi mavjud shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi. Bunda Moliya vazirligi 2021 yildan boshlab Markaz ta’minoti xarajatlarini moliyalashtirishni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutsin;

Markaz Davlat byudjeti, O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xizmat ko‘rsatish va o‘zi yetishtirgan dorivor o‘simliklarni sotishdan tushadigan va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Markazda respublikada ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning lavozim maoshiga qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi. Bunda qo‘shimcha haq belgilanishi bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

10. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (I.O‘.Madjidov) O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

respublika oliy ta’lim muassasalari biologiya yo‘nalishlarining 3 va 4-kurslari tahsil olayotgan iqtidorli talabalar tarkibidan alohida guruhlarda chuqurlashtirilgan o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;

kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, barcha qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kollej va texnikumlarda mutaxassisliklar klassifikatsiyasini inobatga olgan holda “Dorivor o‘simliklar yetishtirish agrotexnologiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin.

11. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov) ikki oy muddatda:

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzuridagi Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazining ilmiy salohiyatini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

12. Markaz Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Darxon qo‘rg‘oni, Chimkent yo‘li ko‘chasi, 2-uyda joylashgan Ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kollejining foydalanilmasdan turgan binosiga joylashtirilsin.

13. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi (N.J.Bakirov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.Ganiyev belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyun va 2021-yil 15-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                               Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020-yil 26-noyabr

Manba: O'zA

Поделиться