O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Namanganlik o‘quvchi Buyuk Britaniya qirolichasidan maktub oldi
2020-11-25 | Yoshlar
Internet tarmog‘i bilan erishish mumkin bo‘lgan imkoniyatlar ko‘lami tobora ortib bormoqda. Buning yaqqol isbotini namanganlik o‘quvchining Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II dan olgan maktubi misolida ham ko‘rish mumkin.
Azizbek Mirzaxolov Namangan shahridagi 33-sonli umumta’lim maktabining 11-sinfida tahsil oladi. Yosh, izlanuvchan o‘quvchi maktabdagi barcha fanlarni a’lo baholarga o‘qishi bilan birga ingliz tilini ham mukammal o‘zlashtirishga astoydil kirishgan. U o‘zining istiqboldagi rejalarini Angliyadagi oliy ta’lim muassasalari bilan bog‘lagan.
Qolaversa, uning mazkur mamlakat tarixi, madaniyati, Qirollikning o‘ziga xos jihatlari qiziqtiradi. Azizbek hozirga qadar juda ko‘p mashhur insonlarning dastxatlarini ham to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. Azizbek yuborgan maktubida ham Britaniya tarixiga qiziqishi hamda Qirolichaning dastxatini olishi sharaf ekanini yozgan. Yosh, navqiron shu bilan birga o‘zi yashayotgan mamalakat tarixiga qiziqishi bor o‘zbekistonlik o‘quvchining maktubi Qirolichaning javob maktubi yuborishiga sabab bo‘lgan.
Maktubda Qirolicha Yelizaveta II maktub olganidan minnatdorligi, yana shunday xatlarni kutib qolishini aytib, alohida minnatdorlik bildirgan. Dastxat o‘rnida esa Qirolichaning shaxsiy surati sovg‘a sifatida yuborilgan.
Bu maktub nafaqat Azizbekni balki uning tengdoshlarini, ustozlari va yaqinlarini ham ruhlantirdi.
Oqilxon Dadaboyev
Manba: O'zA