O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston turizm va investitsiya salohiyati Dohada taqdim etiladi
2020-11-24 | Turizm
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Ulug‘bek Aʼzamov va «JTA International Holding» Qatar investitsiya xolding kompaniyasi prezidenti Amir Ali Salemi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi maʼlum qilishicha, tadbirda Turkiyaning «Sarikoc Holding» va «Pyramid Group» kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etgan.
Muzokara doirasida O‘zbekiston sayyohlik salohiyati, mehmonxonalar qurish va boshqarish, restoranlar, golf klublari, dam olish maskanlari, mavzuli bog‘lar, havo-logistika markazlari va boshqalarni o‘z ichiga olgan investitsiya loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, turizm sohasidagi xorijiy investorlar uchun mavjud imtiyoz va preferensiyalar, ushbu sohada eng qulay biznes sharoitlarini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida maʼlumot berildi.
«JTA International Holding» rahbariyati Bo‘stonliq va Zomin tumanlarida tog‘ va qish turizmi yo‘nalishida investitsiya kiritish va infratuzilma yaratish, golf klublari va sport turizmi loyihalarida ishtirok etish istagini bildirdi.
O‘z navbatida, Amir Ali Salemi Qatarning yetakchi investitsiya kompaniyalari ishtirokida Doha shahrida O‘zbekistonning investitsiya va turizm salohiyati haqida biznes-uchrashuvni tashkil etish va O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish masalalarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi