O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro tumani 3-sektorida “Mehr va sahovat” tadbiri o'tkazildi
2020-11-22 | Jamiyat
Mamlakatimizning har bir hududida “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” shakllantirilib, ijtimoiy ko'makka muhtoj oilalarga manzilli yordam berilayotgani, shu qatorda ehtiyojmand oilalar vakillari bandligini ta'minlashga e'tibor kuchaytirilgani, oilalar daromadini oshirish orqali ularni “temir daftar”dan chiqarish chora-tadbirlari ko'rilayotgani va buning natijasida joylarda qator muammolar o'z echimini topayotgani quvonarli hol albatta.
Kuni kecha Buxoro tumani Ichki ishlar bo'limi rahbarligidagi 3-sektorga qarashli “Yangiobod”, “Talaliyon”, “Kulonxona”, “Kunji qal'a” hamda “Zarmanoq” MFY lari aholi bilan tuman hokimligi hamkorligida “Yangi O'zbekiston — yangicha dunyoqarash” shiori ostida hududdagi “Sarbon” marosimlar uyida tantanali tadbir o'tkazildi. Unda kam ta'minlangan oilalar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, taniqli san'atkor va shoirlar ishtirok etdilar.
Dastlab, tantanalar uyi qarshisida arzonlashtirilgan narxlarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari hamda “minitexnologiyalar” yarmarkasi, shuningdek, mahalliy hunarmandlar ko'l mehnati namunalari namoyishi tashkil etildi. Tijorat banklari tomonidan esa aholiga 3 yil muddatga 30 million so'mgacha bo'lgan miqdorda beriladigan va garov talab etilmaydigan 15 foizli imtiyozli mikrokreditlar taklif qilindi.
Mehnat yarmarkasida 30 dan ortiq byudjet tashkiloti va 20 dan ortiq xususiy sektor vakillari o'zlarining jami 400 ga yaqin bo'sh ish o'rinlari bilan qatnashdi. Ularning aksariyatida oylik ish haqi 780 ming so'mdan 1 million 200 ming so'mgacha belgilangan. Shu bois tadbirga kelgan 20 dan ortiq fuqaro doimiy ish o'rniga ega bo'ldi va “temir daftar”dan chiqarish choralari ko'rilmoqda.
Shuningdek, Aholi bandlikka ko'maklashish markazi, “Hunarmand” uyushmasi va Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash jamg'armasi bilan hamkorlikda 3-sektorda istiqomat qilayotgan, hozirgi kunda aniq bir kasb-hunarga va doimiy ish bilan band bo'lmagan 22 nafar fuqaroni kasb hunarga o'qitish maqsadida “ustoz–shogird” usulida o'qitishga yo'naltirildi. Xuddi shunday, “temir daftar”ga kiritilgan 10 ta oilaning tomorqasida davlat subsidiyasi asosida bir sotixli issiqxona qurib berish ishlari boshlandi.
Faqat shugina emas, tadbir doirasida “temir daftar”dan o'rin olgan 4 ta ehtiyojmand oilaning 5 nafar farzandlari sunnat to'yi ham homiylik asosida o'tkazib berildi. To'ybolalarga bosh-oyoq sarpo kiydirilib, sovg'alar berildi. Xayr-saxovat va mehr-muruvvat tadbiriga aylangan tantanada yana 5 nafar imkoniyati cheklangan, ijtimoiy ko'makka muhtoj fuqaroga nogironlik aravachalari ham topshirilib, xalqaro sport musobaqalarida munosib qatnashib, faxrli o'rinlarni egallab kelayotgan umidli yoshlar va hudud faollari esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati
Manba: O‘zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi