O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koreyada o‘zbek milliy taomlari eʼtirof etilmoqda
2020-11-17 | Turizm
Mahmud Abdullayev Janubiy Koreyadagi “Lazzat” deb nomlangan O‘zbek milliy taomlar restorani asoschisi va rahbaridir.
Vatandoshimiz tomonidan 2013-yilda Janubiy Koreyaning poytaxtida tashkil etilgan restoranda koreyaliklar va ushbu mamlakatda yashovchi chet ellik fuqarolar orasida o‘zbek milliy taomlarini tanishtirish orqali yurtimizning gastronomik turizm salohiyati targ‘ib qilinmoqda.
Umuman olganda, M.Abdullayev O‘zbekiston turizm sohasini rivojlantirish, uning nufuzini xalqaro miqyosda oshirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, Janubiy Koreyaning markaziy telekanallarida o‘zbek milliy taomlari va ularni tayyorlash haqidagi ko‘rsatuvlarda ishtirok etib boradi. Seul shahri hokimiyatining va Janubiy Koreya Turizm Qo‘mitasining takliflariga binoan 7 yildan buyon o‘tkazilayotgan “Xalqaro taomlar ko‘rgazmalari”da o‘zbek milliy taomlarini tayyorlab faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Vatandoshimiz Janubiy Koreyaning onlayn savdo bozorida ham o‘zbek milliy taomlarini sifatli va tez yetkazib berish bo‘yicha yetakchilar orasidan joy olgan.
Shu bilan birga, o‘zbek milliy taomlariga qiziqishi bo‘lganlar uchun mahorat-darslarini ham o‘tkazib boradi. O‘z o‘rnida, M.Abdullayev faoliyati Koreyadagi blogerlar tomonidan ham kuzatib borilishini alohida taʼkidlab o‘tish mumkin.
Mahmud Abdullayev 2020-yilning 27-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi