O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri bilan muzokalar to‘g‘risida
2020-11-13 | Siyosat
2020-yil 13-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri Enn Linde bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari turli sohalardagi O‘zbekiston-Shvetsiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
Ikki tomonlama siyosiy muloqotning faollashgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam tashkil etishning muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlarning parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorlikni kengaytirish, sud-huquq va huquqni muhofaza qilish sohalarida aloqalarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligi bildirildi.
Vazirlar savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, mashinasozlik, sanoat, energetika va farmatsevtika sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Muzokaralarda, shuningdek, BMT, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda tomonlarning xalqaro tashabbuslarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi