O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev: Qashqadaryo o‘zining salohiyatiga mos yashamayapti
2020-11-13 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati faollari, mahalliy kengash deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Tadbir boshida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy holati tanqidiy tahlil qilindi.
– Bu yerga kelishimdan asosiy maqsad – sizlar bilan birga hudud rivojiga kuchli turtki berish bo‘yicha aniq vazifa va chora-tadbirlarni belgilab olish. Qashqadaryo o‘zining salohiyatiga mos yashamayapti, mamlakatimizning ko‘pgina hududlaridan ancha orqada, – dedi davlat rahbari.
Bu zamin ulkan imkoniyatlarga ega. Lekin uning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalar ahvoli bunga mutlaqo mos emas. Oxirgi 10 yil ichida yalpi ichki mahsulotdagi viloyat ulushi 9,4 foizdan 7,1 foizga, sanoatdagi ulushi esa 11 foizdan 6 foizga tushib ketgan.
- Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot mamlakatimizdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri. Qashqadaryo eli shunga munosibmi? - deya savol qo‘ydi Prezident.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ilmiy asos va innovatsion yondashuv yo‘q, viloyat iqlim sharoitiga mos yangi navlar yaratilmagan. O‘tgan yili paxta hosildorligi gektariga 19 sentnerni yoki yurtimizdagi eng quyi ko‘rsatkichni tashkil etgan. Qishloq xo‘jaligi texnikalari yetishmaydi. Mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ham past.
Shavkat Mirziyoyev hududdagi irrigatsiya va melioratsiya holatini keskin tanqid qildi. Noto‘g‘ri sug‘orish oqibatida yerlarning 45 foizi sho‘rlangan. Ayniqsa, bu borada Muborak, G‘uzor, Nishon va Kosonda ahvol juda og‘ir. 38 ming gektar maydon foydalanishdan chiqib ketgan. Tomchilatib sug‘orish jami sug‘oriladigan maydonning bor-yo‘g‘i 2,4 foizida joriy qilingan.
Aholining ichimlik suvi ta’minoti viloyat bo‘yicha 50 foizni, xususan, Kosonda 26, Dehqonobodda esa atigi 4 foizni tashkil qiladi. Quvurlarning 60 foizi ta’mirtalab bo‘lib qolgan. Qarshi shahrining kanalizatsiya tizimi ham eskirgan. Avtomobil yo‘llarining 8 ming 700 kilometri yaroqsiz holga kelgan.
Ta’lim va tibbiyot sifati masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
Viloyatning 88 maktabida “smena” ko‘rsatkichi yuqori ekani, bir nechta maktab filiali binosi paxsadan qurilgani ko‘rsatib o‘tildi. Qashqadaryo yoshlari oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatda 13-o‘rinda. Bu yil 191 ta maktabning birorta ham bitiruvchisi oliy o‘quv yurtlariga kira olmagan.
Tor sohalar bo‘yicha 257 ta, birlamchi bo‘g‘inda 855 ta shifokor yetishmaydi. Hududda qo‘shimcha 18 ta oilaviy poliklinika va 30 ta oilaviy shifokorlar punktlariga talab mavjud. Har bir oilaviy poliklinikaga o‘rtacha 25-30 ming nafardan fuqaro to‘g‘ri kelishi lozim bo‘lsa-da, viloyatda bu ko‘rsatkich 90 mingtani tashkil etadi.
Yig‘ilishda shu kabi muammolar, mavjud imkoniyatlar tahlil qilinib, Qashqadaryoni kompleks rivojlantirish va aholining hayot sharoitini yaxshilashga doir ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti