Paxtachilik va to‘qimachilik sanoatidagi sertifikatlash imkoniyatlari tahlil qilindi
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amalga oshirilayotgan "Paxtachilik sanoatida barqaror rivojlanish va qo‘shilgan qiymatni oshirish" loyihasi doirasida “O‘zbekiston paxtachilik va to‘qimachilik sanoatida sertifikatlash imkoniyatlari” mazusida trening bo‘lib o‘tdi.
Ushbu o‘quv treningi paxtachilik va to‘qimachilik sohasidagi sertifikatlar, ularning O‘zbekiston uchun dolzarbligi va ahamiyati, sertifikatlashtirish tartiblari va asosiy qoidalari hamda mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirishdagi o‘rni kabi jihatlarini o‘z ichiga qamrab olgan.
Treningda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi, “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK, “O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, "Paxtasanoat ilmiy markazi" va paxta-to‘qimachilik klasterlari vakillari hamda standartlashtirish bo‘yicha soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Loyiha Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilib, loyihaning asosiy maqsadi - paxtani ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy jihatdan barqaror ishlab chiqarishda va dastlabki qayta ishlash tizimini rivojlantirishda hamda eksportga yo‘naltirishda qo‘llab-quvvatlashdir.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi