O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Xalqaro tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan tayanch maktablarning ularga biriktirilgan maktablar bilan ishlash mexanizmi” mavzusida seminar tashkil etildi
2020-11-11 | Ta’lim
10-noyabr kuni xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktabi Sergeli tumanidagi 300-sonli ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida “Xalqaro tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan tayanch maktablarning ularga biriktirilgan maktablar bilan ishlash mexanizmi” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi.
Seminarda tayanch maktabiga biriktirilgan 29 ta maktab direktorlari, oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, Respublika miqyosida xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan 348 ta tayanch maktablarining tabiiy va aniq fanlar yoʻnalishi boʻyicha trener oʻqituvchilari, Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi hamda xalq taʼlimi tizimi xodimlari ishtirok etishdi.
Maʼlumki, joriy yilning 6-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Farmon bilan Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.
Mazkur farmon loyihasi boʻyicha joriy yilning 30-oktyabr kuni muhtaram Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Davlatimiz rahbari tomonidan maktab taʼlimi boʻyicha ilgʻor davlatlar tajribasini oʻrganish, xususan Finlyandiya taʼlim tizimining oʻziga xos xususiyatlari hamda xalqaro baholash dasturlarida erishayotgan muvaffaqiyatlarini oʻrganish, xususan, taʼlim sifatini oshirish, maktablarda oʻquv yuklamasi va darslar sonini qayta koʻrib chiqish, oʻquvchilarni faqatgina yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan tadbirda Ta’lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi boʻlim boshligʻi Xurshid Ahmedov “Tayanch maktablarning biriktirilgan maktablar bilan ishlash mexanizmi”, Sergeli tumani 300-IDU maktabi o'quv ishlari bo'yicha direktori o'rinbosari Malika Abdullayeva “Tayanch maktabga biriktirilgan maktablar bilan ishlashda 300-IDU tajribasi” hamda Milliy markaz bosh mutaxassisi Zarina Qosimova tomonidan “PISA dasturida muvaffaqiyatli ishtirok etishda Finlandiya tajribasi” mavzularida taqdimotlar oʻtkazildi.
Taʼkidlash joizki, “Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da PISA Xalqaro oʻquvchilarni baholash dasturi reytingida Oʻzbekistonning 2030-yilga kelib 30 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kirishiga erishish koʻzda tutilgan.
Taʼlim inspeksiyasi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda xalqaro tadqiqotlarni joriy qilishga tayyorgarlik koʻrish ishlari reja asosida tizimli ravishda olib borilmoqda.
Taʼlim inspeksiyasi huzurida Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazining tashkil etilganligi, shuningdek, “Oʻquvchilar savodxonligini baholash xalqaro PISA dasturi” va “Oʻquvchilarning oʻqish va tushunish darajasini baholash xalqaro PIRLS dasturi”da ishtirok etish toʻgʻrisida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Taʼlim yutuqlarini baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) bilan shartnomalar imzolanganligi Oʻzbekistonning ushbu nufuzli tadqiqotlarda ilk marotaba 2021 va 2022-yillarda ishtirok etishiga zamin yaratdi.
Oʻtgan vaqt mobaynida Taʼlim inspeksiyasi va Xalq taʼlimi tizimidan 30 nafar mutaxassislarning xorijiy mamlakatlarda malakasi oshirilganligi, xalqaro baholash dasturlari va testologiya sohalari boʻyicha 8 nafar xalqaro ekspertlar ishtirokidagi seminar-treninglar asosida 260 nafar trenerlar tayyorlanib, 60 nafar mutaxassislarning testologiya boʻyicha malakasi oshirilgani va 14 ta hududlarda joylashgan maktablarning jamoalari uchun targʻibot-tashviqot ishlari amalga oshirilgani shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, umumtaʼlim muassasalarining oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun xalqaro baholash dasturlari haqidagi tushunchalar, oʻquvchilarning matematik, tabiiy-ilmiy va oʻqish savodxonligi va kreativ fikrlashini baholash boʻyicha namunaviy topshiriqlar, ularni bajarish boʻyicha tavsiyalar va baholash mezonlarini oʻz ichiga olgan 21 nomdagi oʻquv-uslubiy qoʻllanma va topshiriqlar toʻplami ishlab chiqilib, undan 4 nomdagi metodik qoʻllanmalar 40 000 nusxada barcha umumtaʼlim muassasalariga yetkazib berildi. Shuningdek, Oʻquvchilarni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlashga moʻljallangan Axborotnomaning davriy nashri yoʻlga qoʻyildi.