O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidagi nutqi

2020-11-10 | ShHT

Hurmatli Vladimir Vladimirovich!

Hurmatli davlat rahbarlari!

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan  qutlayman.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinga ushbu uchrashuvimizni tashkil etgani uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Rossiyaning ShHTdagi raisligi pandemiya tufayli yuzaga kelgan barcha qiyinchiliklarga qaramasdan g‘oyat samarali bo‘lganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bugun ko‘rib chiqish uchun tayyorlangan hujjatlar, shubhasiz, Tashkilotimizning roli va xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hurmatli Sadir Nurxojoyevich Japarovni  sammitimizda ko‘rib turganimdan mamnunman.

O‘zbekiston qardosh Qirg‘izistonning eng yaqin qo‘shnisi va strategik sherigi sifatida mamlakat xalqining tinch taraqqiyot va farovonlik sari intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Biz, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi o‘t ochish va barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasining faol ko‘magida erishilgan kelishuvlarni olqishlaymiz. Ushbu hududda tinch hayot va barqarorlik tez fursatda tiklanishiga umid bildiramiz.

 

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi kunda ShHT o‘z taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turibdi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin qisqarishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlikning ortishiga olib kelgan pandemiya rivojlanishimiz sur’atlariga g‘oyat  salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan bir qatorda, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashyapti, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchaymoqda.

Ushbu global xatar va tahdidlarni yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish borasida shakllangan an’analarimizni asrash va boyitish yo‘li bilangina yengib o‘tish mumkin.

Bugungi kunda umumiy boyligimiz bo‘lgan qadriyatlar – birgalikda taraqqiyot sari  intilish, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat, ko‘p tomonlama hamkorlikning noyob tajribasini o‘zida mujassam etgan “Shanxay ruhi”ni mustahkamlash har qachongidan ham muhimdir.   

Har birimiz kuchli bo‘lgan taqdirdagina, ShHT ham kuchli bo‘ladi.

Buning uchun bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega. 

Bugun aynan shunday yondashuv Yevroosiyo makonida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning bosh shartiga aylanmoqda.

Bu mamlakatlarimiz xalqlarining manfaatlari va orzu-intilishlariga mosdir.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

ShHTning dolzarb vazifalari yuzasidan nuqtai nazarimizga qisqacha to‘xtalib o‘tishga ijozat bergaysiz.

Birinchidan. Iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari alohida e’tiborni talab qilmoqda.

Bizning asosiy maqsadimiz – savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirishdan iborat.

Ishonamanki, bunga erishishning eng samarali usuli o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirishni nazarda tutadigan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdan iboratdir.

Pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarimizni rivojlantirishga yangi, shu jumladan, “nostandart” yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etaman.

Ushbu dasturlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha ShHT rejasining asosi bo‘lishi lozim.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish muhim hayotiy ahamiyatga ega.

Shuningdek, mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturini qabul qilish tarafdorimiz.

Ikkinchidan. Pandemiya raqamlashtirish jarayonini tezlashtirdi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy o‘sish “drayveri”ga aylanib bormoqda.

O‘zaro kelishilgan o‘quv dasturlari asosida aholini o‘qitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan ShHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.

Ushbu sammitning Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikka doir bayonoti bugun o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblaymiz.

Uchinchidan. Bugungi sharoitda birgalikdagi sa’y-harakatlarni aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish muhimdir.

Bu boradagi hamkorligimizni muvofiqlashtirish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashish uchun mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining yig‘ilishlarini o‘tkazish mexanizmini yaratish zarur, deb hisoblayman.

ShHTga a’zo davlatlarning mazkur  yo‘nalishdagi hamkorligi dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan choralarni ishlab chiqish uchun O‘zbekistonda xalqaro forum o‘tkazishni taklif etaman.

Ushbu tashabbusni ro‘yobga chiqarishda Xitoy Xalq Respublikasining muvaffaqiyatli tajribasi foydali bo‘lishiga ishonaman.

To‘rtinchidan. Mamlakatlarimizda aholi sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan yangi xatar va tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish ko‘lamini kengaytirish juda muhim ahamiyatga ega.

Bugun insoniyat ilgari ma’lum bo‘lmagan infeksiyalar bilan duch kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda. 

Shu munosabat bilan bugungi sammitda Epidemiya tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi qabul qilinishini olqishlaymiz.

Uning amalga oshirilishini ta’minlash, xavfli yuqumli kasalliklarning tarqalishi to‘g‘risidagi axborot bilan samarali almashinuvni yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Mamlakatlarimizning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari o‘rtasida natijador hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurash bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratishni taklif etamiz.

Ushbu tarmoq doirasida yuqumli kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash bo‘yicha tajriba almashish, vrachlar qo‘shma guruhlari faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkin.

Fursatdan foydalanib, barcha sheriklarimizga, avvalo Rossiya va Xitoyga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilgan katta yordam va ko‘mak uchun minnatdorlik bildiraman.

Pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlashga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy etish zarurati ham ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan Telemeditsina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Konsepsiyada vrachlarni keng turdagi kasalliklarni davolashda telemeditsina uslublarini egallash uchun o‘qitish hamda mazkur sohadagi ilg‘or tajriba almashishni nazarda tutish muhim.

Beshinchidan. Bugungi sharoitda terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlari nafaqat susaymayapti, balki kuchayib, yangi shakllar kasb etmoqda.

Yoshlarni yollash va radikallashtirish, terrorchilarni moliyalashtirishda axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlarning roli ortib bormoqda.

Shu nuqtai nazardan, ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini Tashkilotimiz makonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish zarurati ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan, vakolatli idoralarning amaliy muloqotlarini bir necha barobar ko‘paytirish, hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Joriy vaziyatni muntazam muhokama qilish, shu jumladan, axborot makonidagi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi qo‘shma chora-tadbirlarni kelishgan holda amalga oshirish muhim.

ShHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shadigan umumiy hissamiz pirovard-natijada shunga bog‘liq.

Yuqorida aytib o‘tilgan barcha yo‘nalishlarda kuzatuvchi mamlakatlar, muloqot bo‘yicha sheriklar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishni taklif etamiz.

 

Muhtaram davlat rahbarlari!

Bugun Afg‘onistonda uzoq kutilgan tinchlikka erishish bo‘yicha tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik har qachongidan ham muhimdir.

Ushbu mamlakatdagi xavfsizlik va tinchlik masalasiga butun ShHT mintaqasining barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashning muhim tarkibiy qismi sifatida qaralishi lozim.

Xalqaro hamjamiyat, jumladan, ShHT davlatlarining sa’y-harakatlari tufayli Afg‘onistonda nizoni tinch yo‘l bilan bartaraf etishda umidbaxsh istiqbollar ko‘rinmoqda.

Tinchlikka erishish, Afg‘oniston xalqiga iqtisodiy yordam ko‘rsatish yo‘lidagi ijobiy intilishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ahamiyatga ega.

Ishonchim komil, Afg‘onistonning mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etilishi ham ushbu mamlakatning tinch va barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan, “ShHT-Afg‘oniston” muloqot guruhi doirasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda ishlab chiqish va qabul qilish tarafdorimiz.

Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbuslari ShHTning barcha mamlakatlari uchun yangi istiqbollar ochadi.

Shu va boshqa masalalarni 2021-yil aprel oyida Toshkentda o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida muhokama qilishni taklif etamiz.

Shu bilan bir qatorda, kelgusi yili, Tashkilotimizning 20 yilligi arafasida, “ShHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidagi roli” xalqaro konferensiyasini o‘tkazish taklifini ilgari surmoqchiman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Tojikiston Prezidenti Emomali Sharipovich Rahmonni ShHTdagi raislikni qabul qilgani bilan tabriklashga hamda ushbu sharafli va mas’uliyatli vazifani bajarishda katta muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться