Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi
Hozirgi kunga qadar bojxona yig‘imlari stavkalari Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yig‘imlari stavkalari to‘g‘risida” 1999-yil 30-apreldagi 204-son qarori bilan belgilangan bo‘lib, u o‘z ichiga 19 ta bojxona yig‘imlari turlari olgan edi.
Mazkur bojxona yig‘imlari stavkalarining aksariyati foizda belgilangan bo‘lib, Jahon savdo tashkilotining (JST) Savdo jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiq emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-noyabrdagi PF–5582-son Farmoniga muvofiq bojxona yig‘imlari stavlkalarini optimallashtirish va tadbirkorlik faoliyatini faol rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, shuningdek, bojxona yig‘imlarini xalqaro standartlar, jumladan Jahon savdo tashkiloti (JST)ning Savdo jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiqlashtirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Bojxona yig‘imlari stavkalari JST va boshqa xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda belgilandi.
Bundan tashqari stavkalarni belgilashda JST va Jahon bojxona tashkilotining asosiy talablaridan biri, ya'ni bojxona yig‘imlari faqatgina bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplash asosida belgilanishi lozimligi inobatga olindi.
Qaror bilan:
– bojxona yig‘imlari stavkalari turi 20 tadan 12 taga qisqartirildi (3 turdagi bojxona stavkasi biriktirildi, 11 turdagisi bekor qilindi);
– barcha bojxona yig‘imi stavkalari bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan holda qat'iy belgilandi;
– eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tovarlarni “eksport” bojxona rejimida rasmiylashtirish uchun yig‘im miqdori o‘rtacha 35 foizga pasaytirildi;
(Masalan, eski tartibda 1 mln dollar miqdoridagi tovarning eksport bojxona yig‘imi 10 mln so‘mni (bir ming dollar), yangi stavkalarda yig‘im miqdori 5,6 mln so‘mni (560 dollar) tashkil qilgan holda eksporter tadbirkorlarga bir yilda 27 milliard so‘m yengillik yaratiladi.)
– bojxona ma'muriyatchiligini takomillashtirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me'yoridan ortiq qismini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun belgilangan bojxona yig‘imlari stavkalari kamaytirilmoqda;
(Masalan, eski tartib bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan tovarlarning me'yordan oshgan qismiga 0,2 foiz (ammo 25 dollardan kam bo‘lmagan) miqdorida bojxona yig‘imi undirilgan.
Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan temir yo‘l orqali shaxsiy ehtiyoji uchun 1 200 AQSh dollari miqdoridagi tovar olib kirilganda, uning bojxona to‘lovlariga tortiladigan 200 dollar qismi uchun 25 dollar (12,5 foiz), yangi tartib bo‘yicha esa 5,5 dollar (BHMning 25 foizi) miqdorida yig‘im undiriladi.)
– Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni yetkazib berish muddatiga rioya qilmaslik uchun ma'muriy javobgarlik o‘rniga moliyaviy chora sifatida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bojxona yig‘imi joriy etilmoqda.
Mazkur qarorni amaliyotda qo‘llash bojxona ma'murchiligini soddalashtirish va shaffofligini yanada oshirish, chegara o‘tkazish punktlarida tezroq harakatlanish imkonini yaratish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, ayniqsa eksportyorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur qaror 2021-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi