O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida
2020-11-10 | Siyosat
2020-yilning 9-noyabr kuni O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi raundi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidikov, Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasiga Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirining o‘rinbosari Xalifa Shahin al-Marar boshchilik qildi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirishga urg‘u qaratgan holda ikki tomonlama munosabatlarning holatini atroflicha ko‘rib chiqdilar, BMT, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Jahon Savdo Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarning amaliy jihatlari to‘g‘risida fikr almashdilar.
Investitsiya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va sayyohlar oqimini jadallashtirish, ayniqsa ziyorat-turizmni rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasi faoliyatini rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.
BAA tomoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi, shuningdek, uzoq muddatli afg‘on mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish, Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy va transport-tranzit sohasidagi hamkorlikka jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston olib borayotgan siyosatga yuqori baho berdi.
2020-2021-yillarga rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarning jadvali va kun tartibi, parlamentlararo muloqotni o‘rnatish va hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Maslahatlashuvlar doirasida umumiy kun tartibning boshqa masalalari ham muhokama qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi