Qirg‘iz Respublikasi bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi qadamlar muhokama qilindi
Joriy yilning 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri R.Kazakbayev bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibini, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni hamda savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport sohasidagi o‘zbek-qirg‘iz sherikligini kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, ta'lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi o‘zaro aloqalarni muhokama qildilar.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy ko‘rsatkichlarni bir necha karra oshirishning ulkan salohiyati qayd etildi, shu munosabat bilan tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va kelishish hamda uni amalga oshirish jarayonini jadallashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.
Shu nuqtai nazardan, Hukumatlararo komissiya ishini va O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi viloyatlari ma'muriyat rahbarlari Kengashi faoliyatini kuchaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Ikki tomonlama yillik tovar aylanmasi hajmini yaqin yillarda 1 mlrd dollarga yetkazish maqsadida savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro samarador hamkorlikka tayyorlik qayd etildi.
Muloqot davomida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ham ta'kidlandi, buning uchun har ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari tarkibida maxsus ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Ishchi guruhning diqqat markazida yuklarni tashish hajmini yanada oshirish va mintaqaviy transport yo‘laklaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq takliflarni, shuningdek, transport sektoridagi dolzarb masalalarni ishlab chiqish, jumladan, qo‘shma logistika markazlarini yaratish hamda avtomobil' va temir yo‘l infratuzilmasini modernizasiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘ladi.
Uchrashuv davomida energetika, ta'lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorliknin muhim jihatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha kelgusidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi va ikki mamlakat o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik masalalarini zudlik bilan hal qilish uchun ikkala davlat rahbarlari va ekspertlari darajasida muntazam uchrashuvlar o‘tkazish va muloqot qilish amaliyotini davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi