Joriy yilning 3-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Ukrainaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi N.Doroshenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘zaro savdoni yanada kengaytirish va diversifikasiya qilish hamda yaqin kelajakda uning hajmini yiliga 1 mlrd dollargacha o‘sishini ta'minlash uchun birgalikdagi sa'y-harakatlarni faollashtirish zarurligini ta'kidladilar.
Mamlakatlar o‘rtasida kimyo, neft'-kimyo, metallurgiya, oziq-ovqat, farmasevtika, sanoat kooperatsiyasi sohasida va axborot-kommunikasiya texnologiyalari sektorida hamkorlikning muhim istiqbollari belgilab olindi. Mashinasozlik hamda neft' va gaz uskunalarini ishlab chiqarish sohasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi.
Talabga ega qishloq ho‘jalik ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma agrosanoat korxonalarini tashkil etish orqali qishloq xo‘jaligi sohasida kooperatsiya qilishga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqalararo hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari delegasiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish dolzarbligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida investitsiyaviy, sanoat va savdo-iqtisodiy hamkorlikning mavjud salohiyatini o‘rganish va uni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash maqsadida ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat qo‘shma ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi