Joriy yilning 30-oktabr kuni AQSh Prezidenti administratsiyasining Savdo vakili (USTR) R.Laytxazer O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga ishchilarning huquqlarini ta'minlash mezoni bo‘yicha O‘zbekistonga nisbatan Preferensiyalar bosh tizimining (PBT) qo‘llanilishini qayta ko‘rib chiqish jarayonini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqida xat yubordi.
Ushbu qaror bilan AQSh Savdo vakili O‘zbekistonning AQSh bilan bojsiz savdo qilish rejimidan foydalanish huquqini saqlab qoldi va shu bilan birga, Respublikaga nisbatan 12 yil davomida ochiq bo‘lib kelgan majburiy mehnat bo‘yicha ishni yopdi.
Preferensiyalar bosh tizimi - 1974-yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq rivojlanayotgan mamlakatlardan AQSh hududiga tovarlarni olib kirish borasidagi importga nisbatan o‘rnatilgan bojsiz rejimdir. 1994-yilning avgust oyida O‘zbekistonga PBT benefisiari maqomi (AQShga tovarlarni bojsiz yetkazib berish huquqi) berildi.
AQSh Savdo vakilining hatida ushbu qarorni qabul qilishning asosiy omillari bu – O‘zbekiston hukumati tomonidan ishchilar huquqlarini himoya qilishni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ekani ta'kidlanadi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan olib borilgan monitoring natijalariga tayangan holda O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlar natijasida ketma-ket besh yil davomida bolalar mehnatidan tizimli foydalanish holatlari bartaraf etilishi va majburiy mehnatning sezilarli darajada kamayishi e'tirof etilmoqda. O‘zbekistonning boshqa salmoqli yutuqlari qatorida AQSh Savdo vakili paxta yig‘im-terimi majburiy hajmlarning bekor qilinishi va paxta terimchilari uchun haq to‘lash miqdorlarining sezilarli darajada oshishini ta'kidladi, buning natijasida esa majburiy mehnat amaliyoti bartaraf etilishi uchun sharoitlar yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning oktabrida AQSh Savdo vakilining ofisi intellektual mulk huquqlarini himoya qilishni ta'minlash mezoni bo‘yicha 1999-yilda boshlangan O‘zbekistonga nisbatan qo‘llash amaliyotini to‘xtatishga qaror qilgan edi.
Joriy yilning 3-noyabr kuni AQSh Prezidenti ma'muriyati Savdo vakilining rasmiy veb-saytida PBTni bir qator davlatlar, jumladan O‘zbekistonga nisbatan qo‘llashni qayta ko‘rib chiqish jarayonini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingani haqida ma'lumotlar e'lon qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi